Parijdagi kelishuvlar, 800 millionlik boj va taglik tekshiruvi - hafta dayjesti
O‘zbekiston va Fransiya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga chiqdi. Qirg‘iziston va Tojikiston chegara masalasida kelishib oldi. Bolalar tagliklari uchun majburiy sertifikat kiritilgani importni qiyinlashtirib, narxlarni oshiryapti. Bojxonachilar ehtiyot qismlardan tayyor mashina yig‘ish jarayonini ko‘rsatib berdi. Amaldorlar Mercedes-Benz'lardan voz kechmoqda. Kun.uz'da – O‘zbekiston haftanomasi.
Fransiya – strategik sherigimiz
Dunyoning yettinchi eng yirik iqtisodiyoti, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, qaynoq demokratiya va jo‘shqin liberalizm beshiklaridan biri bo‘lmish Fransiya Respublikasi – endi strategik sherigimiz. Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi vaqtida bu haqdagi deklaratsiya qabul qilindi.
36 ta banddan iborat hujjatda ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish haqida so‘z boradi. Mudofaa sanoati sohasida hamkorlik qilish, xavfsizlikka doir va harbiy-siyosiy mazmundagi strategik muloqotlar, energetika va foydali qazilmalar kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan. Hujjatda tomonlar dezinformatsiyaga qarshi turish maqsadida so‘z erkinligiga sodiq qolishini tasdiqlagan.
Yelisey saroyidagi yuzma-yuz muzokaralar va hujjatlarni imzolash tadbirlaridan keyin, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘zbekistonlik hamkasbini Faxriy legion ordeni bilan mukofotladi. Oqshomda esa tomonlar muloqotni dasturxon atrofida davom ettirishdi. Unda mezbon mamlakat rahbari mehmonlarga o‘zbek tilida mulozamat ko‘rsatdi: “Yashasin O‘zbekiston, yashasin Fransiya! Yashasin Fransiya–O‘zbekiston do‘stligi!” – dedi u qabul marosimidagi nutqida.
Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronga atoqli fransuz yozuvchisi Viktor Hyugoning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Kulayotgan odam” romanining ilk nusxasini sovg‘a qildi. Makron esa XIX asrda fransuz fotografi Pol Nadar tomonidan Jizzaxda olingan fotosuratni hadya qildi. Fransiya tomoni taqdim etgan videoda Shavkat Mirziyoyev sovg‘adan mamnun bo‘lib, “bu mening vatanim” deya hamkasbini bag‘riga bosib qo‘yganini ko‘rish mumkin.
Imzolangan hujjatlarga qaytsak. Strategik sheriklik deklaratsiyasidan tashqari, eng yirik bitimlardan biri, kutilganidek, Fransiyadagi AESlar uchun uran ta’minotiga oid bo‘ldi. Fransuz nashrlari ham tashrifni yoritishda asosiy urg‘uni uranga qaratdi. “Navoiyuran” davlat korxonasi, Fransuzlarning Orano guruhi va Yaponiyaning ITOCHU korporatsiyasi o‘rtasida tuzilgan bitimga asosan, yil oxirigacha Navoiy viloyati Tomdi tumanidagi “Jonkeldi” konida uran qazib olish boshlanadi. Dastlabki 3 yilda loyihaga 214 mln dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Kondagi zaxiralar 10 yildan ortiqroq vaqt davomida, yiliga 700 tonnagacha miqdorda uran qazib olish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Fransiyaga uran yetkazib berish ortishi bilan, oxirgi 2 yilda O‘zbekistonning bu mamlakatga eksporti 10 barobardan ko‘proqqa oshdi. Makronning 2023 yilda Samarqandga tashrifidan keyin, 2024 yilda o‘zaro savdo hajmi ilk marta 1 mlrd dollarga yetgan.
Rossiya bilan muloqotlar
O‘zbekiston prezidentining G‘arbdagi biror yirik davlatga tashrifi tugar-tugamas, Rossiyadan Toshkentga qarab delegatsiya yo‘lga chiqishi holati yana kuzatildi. Parijdan qaytgan Shavkat Mirziyoyevni Toshkentda Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin kutayotgandi. U ertasiga davlat rahbarining qabulida bo‘ldi. Rasmiy xabarda aytilishicha, mehmon O‘zbekiston rahbariga Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan. Uchrashuvda keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, deyiladi rasmiy axborotda. Volodin boshliq delegatsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida ham bo‘ldi, biror hujjat yoki kelishuv haqida xabarlar bo‘lgani yo‘q.
Hafta davomida, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi ham Rossiyaga bordi. Unda hukumatlar o‘rtasida iqtisodiy mavzular, xususan O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida o‘zaro bozorlarga kirish masalasi ko‘rib chiqilgan. Bosh muzokarachi Azizbek O‘runovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni bilan bu boradagi “hal etilmagan masalalar” muhokama qilingan. Moskvadagilar, jumladan, O‘zbekiston energetika infratuzilmasiga oid loyihalarni amalga oshirish muhimligiga urg‘u bergan. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hozirga qadar JSTga kirish bo‘yicha AQSh, Xitoy kabi muhim a’zo-davlatlar bilan muzokaralarni yakunlagan, Rossiya esa hozircha kelishuvga erishilmagan sanoqli davlatlar qatorida qolmoqda.
Bolalar tagliklarini majburiy sertifikatlash boshlangan
Tashqi savdo mavzusini davom ettiramiz. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayoni bilan parallel ravishda, importga turli notarif cheklovlarni joriy etishda davom etyapti. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, bolalar tagliklari uchun majburiy sertifikat joriy etilganidan keyin, tagliklar importi keskin kamayib ketgan. Bu esa, tabiiyki, narx-navoda o‘z aksini topyapti.
Majburiy sertifikat talabi Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil avgustdagi qaroriga asosan kiritilgan. Bu qarorga ko‘ra, bolalar uchun kiyim-kechaklar, so‘rg‘ichlar, tagliklar, shuningdek, barcha turdagi tish cho‘tkalar “xavf darajasi yuqori tovarlar” ro‘yxatiga kiritilgan. Bu ro‘yxatdagi tovarlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, shundan keyin har bir partiyasi uchun muvofiqlik sertifikati olinishi kerak. Kun.uz suhbatlashgan tadbirkor buni “byurokratiya va sun’iy to‘siqlar bilan raqobatni cheklash” deb atadi. “Importyorlar uchun uzun navbat yuzaga kelgan, bu tekshiruvlar tadbirkorlarga qo‘shimcha xarajat yuklamoqda”, deydi taglik importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor.
Importyorlar aytayotgan qiyinchiliklar rasmiy raqamlarda ham o‘z aksini topyapti. Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-fevral oylarida “ayollar va bolalar uchun gigiyenik prokladka va tagliklar” toifasidagi tovarlar importi fizik hajmda salkam 2 barobarga, qiymat jihatdan salkam 3 barobarga kamaygan.
Bojxonada yig‘ilgan samosval
O‘zbekistonga importi keskin kamayayotgan tovarlarning yana bir toifasi – avtomobillar. Bojxona qo‘mitasi ochiqlagan statistikadan ma’lum bo‘lishicha, 2025 yilning fevral oyida O‘zbekistonga yengil avtomobil importi qiymat jihatdan 3,5 barobarga, miqdor jihatdan esa 2,8 barobarga qisqargan. Bu pasayish ham importga o‘tgan yili joriy etilgan bir qator notarif to‘siqlar va bojxonada sun’iy ravishda yuzaga keltirilgan navbatlar ortidan ro‘y beryapti.
Hafta davomida proteksionizm va mahalliylashtirish boshqa bir voqea sababli ham tarmoqlarda yana muhokama mavzusiga aylandi. Juma kuni Bojxona qo‘mitasi yuk mashinasini bo‘laklarga bo‘lib olib kirishga urinish fosh etilgani haqida xabar tarqatdi. Xabarga ilova qilingan video ko‘pchilikni hayratda qoldirdi: unda atigi bir necha kishi, bevosita bojxona omborining o‘zida, oddiygina texnikalarni qo‘llagan holda, butun boshli yuk mashinasini ehtiyot qismlardan yig‘ib, tayyor holatga keltirganini ko‘rish mumkin. Bu holat tarmoqlarda: “Mashina yig‘ish uchun umuman zavod qurib ovora bo‘lish shart emas ekan-ku!” degan istehzoli izohlarga sabab bo‘ldi.
Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, “Sirg‘ali” postida aniqlangan bu holatda, xorijdan keltirilgan 11 turdagi avto ehtiyot qismlari aslida bir butun holdagi tovar – samosval bo‘lib chiqqan. “Transport vositasini qismlarga ajratib go‘yoki avto ehtiyot qism niqobi ostida olib kirishga urinish orqali yuk egasi 800 mln so‘mlik bojxona to‘lovlarini “tejamoqchi” bo‘lgan”, deyiladi rasmiy xabarda.
Voqea tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi. Iqtisodchilar bu holat mahalliy ishlab chiqaruvchini himoyalash uchun joriy etilgan yuqori bojlarning oqibati ekanini aytdi. Darhaqiqat, bitta yuk mashinasini olib kirish 800 mln so‘mdan ko‘proqqa tushishining sababi – aynan bojlar. O‘zbekistonda samosvallar uchun naq 70 foizlik, qo‘shimchasiga har bir kub motor hajmi uchun 3 dollarlik bojlar o‘rnatilgan. Bu bojlarning sababi esa, albatta, mahalliylashtirishga borib taqaladi: Samarqandda yuk mashinalarini yig‘ish yo‘lga qo‘yilgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Qirg‘iziston va Tojikiston chegara masalasida nihoyat kelishib oldi. Ikki davlat rahbarlari 13 mart kuni Bishkekda chegara to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Qirg‘iz–tojik chegarasida 2021 yili yopilgan ikkita o‘tkazish punkti ochildi, o‘zaro aviaqatnovlar ham tiklandi. Sadir Japarov va Imomali Rahmon 31 mart kuni Tojikistonning Xo‘jand shahrida ham uchrashadi, u yerda Shavkat Mirziyoyev ham bo‘ladi. Bunday uch tomonlama formatdagi ilk uchrashuvda prezidentlar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralari tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolashi kutilmoqda.
Prezident topshirig‘idan keyin, ko‘plab amaldorlar xizmat avtomobillarini almashtira boshladi. O‘tgan haftadagi selektorda davlat rahbari mansabdorlarning xizmat mashinasida yurishini keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tish kerakligini aytgan edi. Shunga asosan, amaldorlar Mercedes-Benz'lardan voz kechib, “O‘zavtosanoat” korxonalari sotadigan avtomobillarga: Chevrolet Malibu va BYD'larga o‘tmoqda. Shu bilan birga, narxi milliard so‘mdan oshadigan Tahoe'ni tanlayotganlar ham oz bo‘lsa-da yo‘q emas.
Shaxsi sir qolayotgan o‘zbekistonlik Koreya poytaxti Seuldan 5 mln dollarga kvartira sotib oldi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, qimmatbaho kvartira shahardagi elit turar-joy majmuasida joylashgan bo‘lib, maydoni 244 kvadrat metrga teng. Xaridor – 41 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, uning manzili sifatida Toshkentdagi Koreya–O‘zbekiston an’anaviy tibbiyot klinikasi ko‘rsatilgan. 5,1 mln dollarlik oldi-sotdi bitimi 2024 yil oxirida tuzilgan, to‘lov naqd pulda amalga oshirilgan.
“Tashabbusli budjet” loyihasida ovoz berish bosqichi boshlandi. O‘zbekistonliklar 20 martgacha “Ochiq budjet” portalida ovozga qo‘yilgan loyihalardan birini tanlab, ovoz berishi mumkin. Respublika bo‘ylab tashabbuskorlar o‘z loyihalariga ovoz yig‘ish uchun qizg‘in targ‘ibot kampaniyasini olib boryapti. Bu jarayonda, afsuski, budjet xodimlarini majburlash holatlari ham ko‘p uchramoqda. Shunday holatlardan birida, o‘qituvchilar oyligidan 700 ming so‘mdan ushlab qolmoqchi bo‘lgan Quva tumanidagi maktab direktori ishdan olindi.
Mavzuga oid

18:29 / 14.03.2025
“Raqobat byurokratiya bilan cheklanmasligi kerak” - tagliklar importiga yangi talablar kiritildi

15:03 / 14.03.2025
Yuk mashinasini bo‘laklarga bo‘lib olib kirishga urinish aniqlandi

11:51 / 14.03.2025
Prezidentga eng oliy mukofot – Fransiyaga davlat tashrifi qanday o‘tdi?

09:48 / 14.03.2025