Jahon | 16:41 / 17.03.2025
1387
2 daqiqa o‘qiladi

The Times: Britaniya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini «qancha kerak bo‘lsa, shuncha muddatga» joylashtirishga tayyor

Bir qancha davlatlar, jumladan, Fransiya, Turkiya, Kanada va Avstraliya Ukrainaga 30 minggacha harbiy yuborishni muhokama qilmoqda.

Foto: UK Ministry of Defence

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer britaniyalik harbiylarni tinchlikparvar kuch sifatida uzoq yilga Ukrainaga joylashtirishga tayyor. Bu haqda The Times hukumatdagi yuqori martabali manbalariga tayanib xabar berdi.

«Bu uzoq muddatli majburiyat bo‘lib, yillarga cho‘zilishi mumkin. Tinchlik kelishuvini saqlab qolish va Rossiyani tiyib turish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, ushbu muddat shuncha davom etadi», — deya ta’kidlagan nashr manbasi.

The Times ma’lumotlariga ko‘ra, bir qancha davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, Kanada va Avstraliya Ukrainaga 30 minggacha harbiy yuborishni muhokama qilmoqda. Boshqa davlatlar qurol-yarog‘ va moddiy-texnik ta’minot bilan yordam berishga tayyor.

The Times’ning boshqa bir maqolasida qayd etilishicha, Starmer 15 mart kuni «ko‘ngillilar koalitsiyasi» bilan onlayn uchrashuvda Ukrainaga 10 mingdan ortiq tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish rejasi haqida gapirgan.

Bloombergʼning yozishicha, Turkiya ham Ukrainaga tinchlikparvar kuch sifatida o‘z harbiylarini yuborishga tayyor. Shu bilan birga, agentlikning ta’kidlashicha, Turkiya tinchlikparvar kuchlarni shakllantirishga oid barcha maslahatlashuv va tayyorgarlik ishlariga jalb etilmasa, mamlakat ushbu missiyada ishtirok etmaydi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 15 mart kuni Kiyev xavfsizlik kafolati uchun o‘z hududiga tinchlikparvar qo‘shinlar joylashtirishni so‘rasa, Rossiya ushbu masala bo‘yicha ovoz berishga haqli emasligini ma’lum qilgandi.

O‘z navbatida Moskva bir necha bor Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishiga qarshi chiqqan. RF tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko 17 mart kuni e’lon qilingan intervyusida tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish haqidagi gap-so‘zlar «nomaqbul va bema’ni» ekanini bildirgan.

Mavzuga oid