O‘zbekiston | 12:07 / 20.03.2025
33040
4 daqiqa o‘qiladi

Kunlar soviydi. Dehqon nima qilishi kerak?

Martning boshlanishi uchun anomal holat bo‘lgan hozirgi issiqdan keyin mamlakatimizga sovuq oqim kirib kelyapti. Dehqon bu vaziyatda nima qilishi kerak? Yerga urug‘ni qachon qadashi lozim? Shu va boshqa savollarga Kun.uz studiyasida iqlimshunos Erkin Abdulahatov javob berdi.

Erkin aka, martning uchinchi o‘n kunligiga yaqinlashyapmiz, sal avval Navro‘z arafasi mintaqaga mart oyi uchun xos bo‘lmagan anomal issiqlik kirib kelishi mumkinligini aytgan edingiz, prognozlar o‘zini oqlayapti. Hozir qanday prognozlar?

Darhaqiqat, o‘tgan dasturda aytganimizdek, 17-18 martdan respublikaga +30 darajali issiq to‘lqin kirib kelishi va bu Navro‘z bayrami arafasida mintaqani qizdirib yuborishini ta’kidlagan edik. Biz hozir shu juda yuqori issiqlik qarshisidamiz. Xorijiy ob-havo prognoz modellari 22 mart soat 17.00 da voha, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyati hatto poytaxtda +32 darajagacha issiq harorat bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, 22 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ustyurt va Orol dengizi atrofida harorat nol darajagacha pasayib ketishi ham bor gap. Bu mintaqaga asta-sekin sovuq havo oqimi kirib kelayotganidan dalolatdir.

Keyinroq respublikaning katta qismida harorat nol darajagacha pasayib ketishi mumkinmi?

Respublikaning katta qismida bunday kutilma hozircha yo‘q. Ammo nam havo oqimlari o‘tib ketganidan keyin shimolda 23 martdan so‘ng boshqa hududlarda 24 martdan haroratning sezilarli pasayib ketishi prognoz qilinmoqda. 25-27 mart kunlari respublikaning katta qismi, xususan katta ekin maydonlarida kunduzgi harorat +10...+15 daraja, tungi harorat +1...+6 darajagacha pasayishi taxmin qilinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mart oyining so‘nggi haftasi o‘rtalarida harorat Navro‘z bayrami arafasidagiga nisbatan 10-15 daraja pasayishini ta’kidlab o‘tish mumkin.

Haroratning keskin pasayishidan oldin mintaqaga yaxshigina namgarchilikni keltiruvchi oqimlar kirib keladi deyapsiz. Ular qachon bizga ta’sir ko‘rsatadi?

Darhaqiqat, bahorgi, ayniqsa, mart oylarida bir isib berish ortidan, haroratning keskin pasayib ketishi azaldan ko‘p kuzatilgan. Va bu holatdan oldin o‘tmishda bir yaxshigina yog‘ingarchiliklar ham kuzatilgan. Xususan, bu safargi jarayon ham O‘zbekistonga yaxshigina yog‘ingarchilik ulashishi oydinlashmoqda. Masalan, Kaspiy dengizida shakllangan nam havo oqimlarida avvaliga 22 mart kuni shimolga, 23-24 mart kuni respublikaning boshqa viloyatlariga turli miqdorda yog‘ingarchilikni taqdim etishi mumkin.

Siz taqdim etayotgan kartadagi binafsharangli hududlarda yomg‘ir qorga aylanadi degan tasavvur bormi?

Yo‘q, bu yog‘ingarchilikning jadalligi yuqori hududlar bo‘lib, ushbu hududlarda boshqa joylarga nisbatan ko‘proq yog‘in tushishini anglatadi. Xuddi shunday hududlar 23-24 mart kunlari avvaliga Buxoro, Samarqand, Qashqadaryoning ayrim tumanlarida, keyinroq Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatida kuzatilishi taxmin qilingan.

Siz aytayotgan yog‘inli davrdan so‘ng respublikaning qaysi hududlarida sovuq urishi yoki qor yog‘ishi mumkin?

Odatda, yog‘ingarchiliklardan so‘ng antitsiklon jarayonida harorat keskin pasayadi. Haroratning nolga aylanish holati respublika bo‘ylab juda kam hududlarda kuzatiladi. Ayni shu hududlarda yomg‘irning so‘nggi bosqichida yomg‘irning qorga aylanib ketishi kutilmalari bor. Tuproq va haroratning nol darajaga aylanishi tog‘ etaklarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Xorazm viloyatlarida kuzatilishi mumkin.

Suhbatdosh – Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov

Mavzuga oid