Jahon | 15:46 / 23.03.2025
12613
9 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: RF Sumida bufer zona yaratmoqchi, Donbassdagi yana bir yirik shahar xavf ostida

RF armiyasi Kursk oblastida Ukraina guruhini qurshovga tushira olmagan; Donetsk oblastidagi yana bir yirik shahar Konstantinovkaga ham ishg‘ol xavf solmoqda. Rossiya Toretskning g‘arbi va sharqida yangi hujum boshladi, katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘mondonligi shaharni aylanib o‘tib, Konstantinovkaga chiqishni ko‘zlagan.

Thomas Krych / Anadolu / Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi platsdarmni deyarli butunlay tark etgan: Ukraina qo‘shinlari nazorati ostida faqat chegara yaqinidagi to‘rtta kichik qishloq, «Sudja» nazorat-o‘tkazish punkti va 1 yanvardan beri ishlamayotgan magistral gaz quvurining taqsimlash stansiyasi qolgan. Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Rossiya qo‘shinlarining yirik qurshovidan qochishga muvaffaq bo‘ldi – bu Kursk oblasti uchun jangning Ukraina uchun yagona ijobiy natijasidir. Biroq, jangning bunday oraliq natijasi Rossiya qo‘mondonligini qoniqtirmaydi: ular endi Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidan butunlay chiqib ketishi uchun Sudja – Sumi yo‘lini Ukraina hududida kesib qo‘ymoqchi. Ukrainaning boshqa hududlaridagi frontda ham tashabbus RF qurolli kuchlariga qaytmoqda: Ukrainaning bir oy davom etgan qarshi hujumlari o‘z kuchini yo‘qotgandek ko‘rinmoqda. Asosan Pokrovsk yaqinida berilgan bunday zarbalar Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligidan frontning boshqa uchastkalaridan zaxiralarni ko‘chirishni talab qildi. Rossiya armiyasi esa bundan foydalanishga harakat qilmoqda: RF qurolli kuchlari Zaporijjya oblastidagi Orixiv shahri g‘arbida yirik hujum boshladi.

Kursk oblasti

So‘nggi kunlarda front chegara tomon siljishi barobarida Rossiya hujumi sur’ati ham sekinlashdi.

Endi Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududida ikkita alohida chegara platsdarmini nazorat qilmoqda: biri – markazi Guyevo qishlog‘ida, ikkinchisi – «Sudja» nazorat-o‘tkazish punkti atrofida.

Guyevoga Sumi oblastidan alohida yo‘l olib o‘tadi, shuning uchun platsdarm Sudja – Sumi trassasiga bog‘liq emas. Uning atrofida chegaraning har ikki tomonida shiddatli janglar ketmoqda. Guyevo yaxshi himoyalangan: unga sharqdan yaqinlashish yo‘llarini Psel daryosi to‘sib turadi, atrofdagi ko‘plab o‘rmonlarda Ukraina piyodalari yashiringan.

Guyevodan g‘arbda RF qurolli kuchlari bir necha hafta oldin Sudjaga olib boruvchi yo‘llardan birini kesib, davlat chegarasiga chiqqandi. G‘arbda Sudja – Sumi yo‘li bo‘ylab joylashgan yana bir ukrain platsdarmi qolmoqda. Rossiya qo‘shinlari hozircha Sudja va chegara o‘rtasida joylashgan Gogolevka qishlog‘idan nariga o‘ta olmadi.

Katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘mondonligi tezlik bilan «Sudja» nazorat-o‘tkazish punktiga yetib borishni rejalashtirmayapti. Rossiya qurolli kuchlari Sudja – Sumi yo‘lini chegaraning narigi tomonida kesib qo‘yish orqali Ukraina qurolli kuchlarini Ukraina hududiga chekinishga majbur qilishni rejalashtirmoqda.

Rossiya qo‘shinlari allaqachon Sumi oblasti hududida ushbu yo‘ldan uch kilometr masofadagi Basovka qishlog‘ini egallagan.

Sudja rayonining turli qismlaridan e’lon qilingan ko‘plab videolarning geolokatsiyalariga ko‘ra, Kursk oblastida Ukrainaning yirik bo‘linmalari qurshovda qolmagan. Biroq, Vladimir Putin va Donald Tramp bunday qurshov haqiqatan ham mavjudligini aytishda davom etmoqda. Markaziy razvedka boshqarmasi Oq uyga Ukraina harbiylari so‘nggi kunlarda Kursk oblastida ortga chekingani, biroq qurshovga olinmagani haqida hisobot bergani ham Trampning bu boradagi qat’iy fikrini o‘zgartirmagan.

Toretsk

Ukrainaning Toretsk aglomeratsiyasidagi qarshi hujumi to‘xtadi. Endi Rossiya 8-umumqo‘shin armiyasining bo‘linmalari qarshi hujumga o‘tgan, ular bu yerga Kuraxovo atrofidan olib kelingan. Avvaliga Ukrainaning hujumlari muvaffaqiyatli bo‘ldi, chunki bu RF qurolli kuchlari rotatsiyasi paytiga to‘g‘ri kelgandi: o‘shanda 51-armiya bo‘linmalari Toretskdan olib chiqilgan, 8-armiya esa hali shaharga kelib o‘rnashishga ulgurmagandi.

Ukrainaning Deepstate telegram-kanali esa, Ukraina qurolli kuchlarining hech qanday qarshi hujumi bo‘lmaganini iddao qilgan: Toretsk hududining katta qismi avvaldan «kulrang zona» bo‘lgan, faqat 8-armiya kelgach, shiddatli janglar boshlangan. Biroq, aslida bunday emas: avvalroq e’lon qilingan videoga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari fevral oyi boshida shahar markazi va shimoli-g‘arbiy qismini ishonch bilan nazorat qilayotgandi. Ukraina pozitsiyalari esa janubi-g‘arbdagi Zabalka hududida hamda Toretsk aglomeratsiyasi shimoli-sharqidagi Krimskoye posyolkasida qolgandi.

Shahar markazining bir qismini (shuningdek, shimoli-g‘arbdagi Leonidovka va Sherbinovka posyolkalarini) boy bergan rus qo‘shinlari mart oyi o‘rtalarida qarshi hujumga o‘tdi. Videolar orqali front chizig‘i chizmasini tushunish qiyin. Shunisi aniqki, eng og‘ir janglar Toretsk markazidagi stadion hududida bo‘lib o‘tmoqda, u yerda, shuningdek Zabalkada Rossiya qurolli kuchlari ukrain mudofaachilari ortiga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Rossiya qo‘shinlari Toretskdan g‘arbda (Novobaxmutovka yaqinida) va sharqda (Ozaryanovka yaqinida) ham hujumlarni boshladi. Katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘mondonligi endi shaharni shturm bilan qayta egallashga urinmasdan, uni aylanib o‘tib, Konstantinovkaga chiqishga qaror qilgan.

Konstantinovka Rossiya havo hujumlaridan aziyat chekishda davom etmoqda. Bu shaharni Ukraina qurolli kuchlari 2014 yilda rossiyaparast ayirmachilardan tortib olgan va o‘shandan beri Rossiya armiyasi uni muntazam ravishda o‘qqa tutib keladi. So‘nggi havo hujumi paytida 78 yoshli ayol halok bo‘ldi va ikki kishi yaralandi, deb xabar berdi 21 mart kuni oblast harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, shaharda 36 ta xususiy uy zarar ko‘rgan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, raketalar omborga tushgan – natijada katta yong‘in boshlangan.

Ukrainaning Freedom telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, 11 mart holatiga ko‘ra, shaharda 12 ming kishi yashayotgandi (keng ko‘lamli bosqindan oldin shaharning 67 ming aholisi bo‘lgan). Shaharda qolganlar orasida bolalar yo‘qligi aytilmoqda. Bundan tashqari, mart oyida mahalliy «Znamya industrii» nashri «Oq farishta» politsiya bo‘linmasiga tayanib, Konstantinovkadan evakuatsiya uchun ko‘plab arizalar kelayotgani haqida yozgandi.

Pokrovsk va Velika Novosilka

Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskdan g‘arb, janub va sharqda qarshi hujumlarni davom ettirmoqda.

Peschane, Udachne, Zaporijjya (Pokrovsk va Kuraxovo o‘rtasida) qishloqlari va Kotlino posyolkasi yaqinidagi oldingi hujumlar Rossiya qurolli kuchlarining Pokrovskka hujumini to‘xtatishga imkon bergandi. Endi Ukraina qurolli kuchlari Pokrovsk janubidagi Lisovka va Shevchenko qishloqlariga hujum qilib, Rossiya kuchlarini shahardan uzoqlashtirishga harakat qilmoqda. Hozircha ukrainlarning muvaffaqiyatlari unchalik katta emas: ular bu qishloqlarning faqat bir qismini egallashga muvaffaq bo‘lishgan.

Pokrovskdan sharqda Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi Rossiya qurolli kuchlarini Yelizavetovka qishlog‘i yaqinidagi Pokrovsk – Konstantinovka yo‘lidan chetga chiqishga majbur qildi. Shunga qaramay, rus qo‘shinlari bu yo‘ldan janubroqda Konstantinovka tomon harakatlanishda davom etmoqda.

Donbass janubida – ilgari bosib olingan Velika Novosilka rayoni markazida Rossiya qo‘shinlari Mokriye Yali daryosining ikkala sohili bo‘ylab hujumni davom ettirmoqda. Rossiya qurolli kuchlari sharqiy sohilda Dniproenergiya qishlog‘ini egallab, Veseloye qishlog‘iga yaqinlashdi. Umumiy maqsad – Ukraina qo‘shinlari frontorti bo‘lib turgan Donetsk – Zaporijjya yo‘liga chiqish, bu yerdagi ukrain bo‘linmalari Kuraxovoga g‘arbdan kirish yo‘llarini ushlab turishda davom etmoqda.

Orixiv

Rossiya qurolli kuchlari bir yarim yillik sukunatdan so‘ng muhim shahar Orixiv va Zaporijjya o‘rtasida hujum boshladi. Ukraina qurolli kuchlarining bu hudud mudofaasida bo‘lgan 128-tog‘-shturm brigadasining bir qismi Donbass janubiga tashlangandi, bu esa Zaporijjya janubidagi guruhni zaiflashtirgan.

Rossiya qo‘shinlari Pyatixatki qishlog‘ini sharqdan aylanib o‘tib (2023 yil yozida og‘ir janglar bo‘lgan joy), Stepove qishlog‘ini egallab, Maliy Shcherbaki qishlog‘iga chiqqan. Bu hujum, agar Ukraina qurolli kuchlari zaxiralarni ishga solmasa, rus qo‘shinlarini g‘arbdan Orixiv shahriga olib kelishi mumkin.

Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Orixivdan janubda ham faollashgan, u yerda ular Rabotine qishlog‘idan shimolga hujum qilmoqda.

Mavzuga oid