Rossiyaliklarning umr ko‘rish davomiyligi haqidagi ma’lumotlar maxfiylashtirildi
Rossiya davlat statistika xizmati – Rosstat 2024 yil uchun rossiyaliklarning umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni e’lon qilmaslikka qaror qildi. Ushbu ko‘rsatkich pandemiyadan keyin ilk bor keskin pasaygan, bu holat Ukrainadagi ko‘p sonli harbiy yo‘qotishlar fonida ro‘y berdi.

Foto: nao24.ru
Vazirlikning rasmiy saytida faqat butun mamlakat bo‘yicha kutilgan umumiy umr davomiyligi e’lon qilindi. Holbuki, oblastlar kesimidagi, shuningdek, erkaklar va ayollar bo‘yicha alohida statistika e’lon qilinmadi. Bu ma’lumotlar front uchun faol jalb etilgan hududlardagi yosh erkaklar o‘rtasidagi o‘lim holatlarini ko‘rsatib berishi mumkin edi.
«Yesli byt tochnym» loyihasiga bergan javobida Rosstat 2024 yil uchun ushbu ma’lumotlarni e’lon qilish vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Ammo ushbu qarorning sabablari yoki ma’lumotlar keyinchalik e’lon qilinishi haqida aytilmagan.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili rossiyaliklarning umumiy umr davomiyligi 7 oyga qisqarib, 72,84 yilni tashkil etgan. Bu pandemiya davridan beri ilk marta qayd etilgan pasayishdir. Agar pandemiyani inobatga olinma, bu 2000 yillar boshidan beri eng katta pasayish hisoblanadi.
2024 yil – Rossiyaning Ukrainadagi harbiy yo‘qotishlari statistikaga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ilk yil bo‘ldi. Demograf Aleksey Rakshaning ta’kidlashicha, frontda halok bo‘lganlarning ma’lumotlari Rosstatga, agar umuman kiritilsa, taxminan 1,5 yil kechiktirib kiritiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda rasmiy o‘lim holatlari 2023 yilga nisbatan ancha yuqori bo‘lgan. Rosstat hisobotlariga ko‘ra, o‘tgan yil mamlakatda 1,816 mln kishi vafot etgan, bu 2023 yilga nisbatan 3,3 foizga ko‘p. Shu bilan birga, tug‘ilish darajasi so‘nggi 25 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushdi – atigi 1,222 mln bola tug‘ilgan. Tabiiy o‘sishdagi yo‘qotish – 495 ming kishini tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘p.
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil mart oyi oxiriga kelib, Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari 900 ming kishiga yetgan, shundan 200–250 ming nafari halok bo‘lgan. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil fevral oyigacha Rossiya armiyasi 172 ming harbiyni yo‘qotgan, 611 ming kishi jarohatlangan. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ularning qariyb 400 ming nafari nogironlikka uchragan.
Mavzuga oid

08:40
Rossiyada Instagram va Facebookʼda reklama joylash taqiqlandi

08:15
Rossiyada talabalarni armiyadan qoldirishni bekor qilish taklif etildi

08:09
Rossiya ommaviy tarzda KXDRdan shifokorlarni stajirovkaga qabul qilmoqda

03:47