Fan-texnika | 20:59 / 26.03.2025
1998
2 daqiqa o‘qiladi

Alibaba va BMW birgalikda Xitoydagi avtomobillar uchun sun’iy intellekt ishlab chiqadi

Xususan, BMW Xitoy bozoriga moslashtirilgan yangi modellariga Alibaba investorlik qiladigan Banma kompaniyasining sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etadi.

Foto: Getty images

Alibaba kompaniyasi va Germaniyaning BMW avtomobilsozlik konserni birgalikda Xitoydagi avtomobillar uchun sun’iy intellekt ishlab chiqadi. Bu haqda kompaniyalarning qo‘shma bayonotida so‘z boradi.

BMW Xitoy bozoriga moslashtirilgan yangi modellariga Alibaba investorlik qiladigan Banma kompaniyasining sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etadi. Banma ushbu texnologiyalarni Xitoy internet gigantining Qwen bo‘limi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan. Qwen modeli allaqachon Xpeng, Zeekr va Leapmotor avtomobillarida qo‘llanilmoqda.

Alibaba, shuningdek, BMW’ga ovozni yaxshiroq taniy olish va yo‘l harakatini rejalashtirish imkoniyatlariga ega bo‘lgan yangi «aqlli» shaxsiy yordamchini ishlab chiqishda yordam beradi. Ushbu yordamchi haydovchilarga parkovkada ko‘maklashish, yaqin atrofdagi restoranlarni tavsiya qilish va real vaqt rejimida svetofor holati haqida ma’lumot berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu texnologiya kelasi yilda Xitoyda ishlab chiqariladigan yangi BMW modellarga joriy etiladi.

Bundan tashqari, BMW sun’iy intellektni tezroq joriy etishga qaratilgan keng qamrovli strategiyasini taqdim etgan. Ushbu strategiya kompaniyaning mamlakat hududidagi operatsiyalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini faol qo‘llashni nazarda tutadi.

Strategiya foydalanuvchi tajribasini yaxshilash, biznes jarayonlarining samaradorligini oshirish hamda ta’minot zanjiri doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan.

BMW Xitoyda Pekin, Shanxay, Shenyan va Nankin shaharlarida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik markazlariga ega bo‘lib, bu kompaniyaning Germaniyadan tashqaridagi eng yirik tadqiqot tarmog‘i hisoblanadi.

Mavzuga oid