Jahon | 10:49 / 26.03.2025
2762
2 daqiqa o‘qiladi

Husiychilar Qizil dengizda AQSh harbiy kemalariga zarba berilganini ma’lum qildi

«Ansor Alloh» harakati Qizil dengizda AQSh harbiy kemalariga hujum qilganini da’vo qilmoqda.

Foto: Mohammed Mohammed/Global Look Press

Yamanning «Ansor Alloh» isyonchi harakatidan husiychilar Qizil dengizdagi AQSh harbiy kemalariga hujum qildi. Bu haqda husiychilar tomonidan tuzilgan qurolli kuchlar vakili Yahyo Sariya o‘zining Telegramʼdagi kanalida ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, raketa kuchlari, uchuvchisiz aviatsiya va dengiz kuchlari qo‘shma operatsiya o‘tkazgan. Unga ko‘ra, kemalar guruhini boshqarayotgan Harry Truman aviatashuvchi kemasi ham hujumga uchragan.

Bir kun avval Yahyo Sariya Qizil dengizda AQSh harbiy kemalariga navbatdagi hujum haqida xabar bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning Yamanga qarshi tajovuzi hamda Sano va Saadadagi tinch aholiga bergan ommaviy zarbalariga javoban dengiz kuchlari, raketa qo‘shinlari va uchuvchisiz tizim qo‘shinlari Qizil dengizdagi AQShning bir necha harbiy kemalariga, jumladan, Harry Truman aviatashuvchi kemasiga uchuvchisiz uchoqlar, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum qilgan.

23 mart kuni AQSh harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari Yaman poytaxti Sano g‘arbidagi Asr hududidagi «Ansor Alloh» harbiy bazasiga ikkita havo hujumi uyushtirdi.

Shu kuni AQSh Yamanning Al-Hodeyda viloyatidagi husiychilar tarafdorlari foydalanadigan Salif portiga zarba bergani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid