Jahon | 23:45 / 27.03.2025
3081
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi uchun 7 yillik qamoq muddati so‘raldi

U 2007 yilgi saylovoldi kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirishda ayblanmoqda.

Foto: EPA

Prokuratura Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi uchun 2007 yilgi saylovoldi kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish ishi bo‘yicha yetti yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini talab qildi.

Bundan tashqari, prokuratura Sarkoziga 300 ming yevro miqdorida jarima belgilashni, shuningek, besh yil davomida uning saylovlardagi ishtirokini taqiqlashni so‘ragan.

Fransiya OAVga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha sud qarori yaqin haftalar ichida qabul qilinadi.

Joriy yilning yanvar oyida Parij jinoiy sudida Nikolya Sarkoziga nisbatan prezidentlik kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish ishi bo‘yicha yangi eshituvlar boshlangandi. Fransiya sobiq prezidenti 2007 yilda o‘zining saylovoldi shtabiga Muammar Qazzofiyga bog‘liq Liviya fondlaridan 50 million yevro mablag‘ jalb etganlikda gumonlanmoqda.

«Korrupsiya, ta’sir va tergovga bosim o‘tkazish ishi»da ayblanib uch yil qamoqqa hukm etilgan Sarkozi 7 fevraldan boshlab elektron braslet taqqan holda yuribdi. 70 yoshli sobiq prezidentga uyini soat 08:00 dan 20:00 ga qadar (dushanba, chorshanba va payshanba kunlari — 21:30 gacha) tark etishga ruxsat berilgan.

Mavzuga oid