Jahon | 00:27 / 29.03.2025
3178
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davlat departamenti Kongressni USAID tarqatib yuborilishi haqida xabardor qildi

Hukumat samaradorligi departamenti USAID xodimlariga qonunchilikda ko‘zda tutilmagan barcha lavozimlar tugatilishini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

28 mart kuni AQSh Davlat departamenti Kongressni Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tarqatib yuborilishi haqida rasman xabardor qildi. Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, USAID’ni qayta tashkil etish jarayoni 1 iyulgacha amalga oshiriladi. Agentlikning ayrim funksiyalari Davlat departamenti zimmasiga o‘tadi.

«To‘g‘ri yo‘naltirilgan xorijiy yordam milliy manfaatlarimizni ilgari surishi, chegaralarimizni himoya qilishi va asosiy ittifoqchilar bilan hamkorlikni mustahkamlashi mumkin. Afsuski, USAID anchadan beri o‘zining birlamchi vazifasidan chetga chiqqan. Natijada, erishilgan yutuqlar juda kam, xarajatlar esa haddan tashqari yuqori bo‘ldi», — deydi davlat kotibi Marko Rubio.

Reutersʼga ko‘ra, Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) USAID xodimlariga qonunchilikda ko‘zda tutilmagan barcha lavozimlar tugatilishini ma’lum qilgan. Yaqin orada agentlikning barcha xodimlariga xatlar yuboriladi — ularda 1 iyul yoki 2 sentabr kuni ishdan bo‘shash taklif etiladi.

DOGE bayonotida aytilishicha, iyul–sentabr oylarida AQSh Davlat departamenti USAID’ning qolgan «hayotiy muhim va strategik yordam dasturlari»ni o‘z zimmasiga oladi. Shu bilan birga, USAID xodimlari avtomatik tarzda Davlat departamentiga o‘tkazilmaydi — u yerda «alohida va mustaqil yollash jarayoni»ni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Donald Tramp AQSh prezidentligi lavozimiga kirishgan kuni USAID’ning chet el davlatlariga yordamini 90 kunga muzlatib qo‘ygandi. Ushbu muddat davomida agentlik dasturlari AQSh tashqi siyosati va «Amerika qadriyatlariga» mos kelish yoki kelmasligi tekshirilishi aytildi. Sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Tramp ma’muriyati USAID orqali to‘lovlarning 90 foizini to‘xtatishni buyurgan. USAID boshqaruvi AQSh Davlat departamenti nazorati ostiga o‘tdi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi 1961 yilda paydo bo‘lgan. 2025 yilda uning boshqa davlatlarga yordam budjeti 42,8 milliard dollarni tashkil etgan. Agentlik, xususan, butun dunyo bo‘ylab ko‘plab gumanitar dasturlarni moliyalashtirib keladi.

Mavzuga oid