O‘zbekiston | 14:16 / 29.03.2025
7250
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev va To‘qayev Olmaota yaqinidagi “Medeu” tog‘-chang‘i majmuasida bo‘ldi

O‘zbekiston prezidenti qozog‘istonlik hamkasbi bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazish uchun Olmaotaga bordi. Shavkat Mirziyoyevni aeroportda Qosim-Jo‘mart To‘qayev kutib oldi. Davlat rahbarlari Medeu tog‘-chang‘i klasterini borib ko‘rishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Olmaota shahriga keldi. Mehmonni aeroportda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev kutib oldi.

Tashrifdan maqsad – norasmiy uchrashuv o‘tkazish.

“Kun tartibidan savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi faol aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari o‘rin olgan.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar”, – deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Prezidentlar “Medeu” tog‘-chang‘i klasterini borib ko‘rishdi.

Shavkat Mirziyoyevga sel-suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida dengiz sathidan 1750 metr balandlikda qurilgan “Medeu” to‘g‘onining yaratilish tarixi va arxitekturaviy xususiyatlari haqida so‘zlab berildi.

“Medeu” to‘g‘onining tepasiga 842 pog‘onadan iborat “Salomatlik zinapoyasi” olib boradi. 2011 yilda to‘g‘on yonida “Shimbuloq” tog‘-chang‘i maskaniga eltuvchi 4,5 km uzunlikdagi dor yo‘li qurilgan.

“Medeu” sport majmuasi 1972 yilda barpo etilgan bo‘lib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan. Majmua muz maydonining yuzasi 10,5 ming kvadrat metr bo‘lib, bir vaqtda 3 ming nafargacha kishini qabul qila oladi. Har yili unga 400 mingdan ortiq mehmon tashrif buyuradi.

Bugungi kunda majmua sport, turizm va madaniyat klasteri sifatida faoliyat yuritmoqda. Sport musobaqalari, ommaviy konki uchish, madaniy tadbirlar, festivallar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Shundan keyin davlat rahbarlari Olmaota shahrida norasmiy uchrashuv o‘tkazishdi.

Ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan yaqin oylarda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo sammitlariga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.

6a12f461-376d-da82-30a1-bf5f94a1ec20_lists_slider_7987.jpg
c248c339-110f-e992-a54b-fdb5e7d31415_lists_slider_7986.jpg
efba1087-d21e-f156-9044-d11d57f78383_lists_slider_7987.jpg
393d2fb5-c91c-4f1d-972c-7bc486857665_lists_slider_7988.jpg

Mavzuga oid