Iqtisodiyot | 16:36 / 29.03.2025
3196
5 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi 5 yilda korporativ tashqi qarz miqdori 2,4 barobarga oshgan – Markaziy bank hisoboti

2024 yil yakunlari bo‘yicha, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz 64,1 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi 33,9 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 30,2 mlrd dollarga teng bo‘lgan. O‘tgan yilda oltin (23 foiz), mis (8 foiz) va uran (42 foiz) narxlarining qimmatlashishi fonida eksport 4,5 foizga oshgan. Shuningdek, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining ko‘payishi natijasida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 5,7 mlrd dollargacha qisqargan.

Markaziy bank 2024 yil uchun «O‘zbekistonning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqeyi hamda tashqi qarzi» bo‘yicha yillik hisobotini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 5,7 mlrd dollarni tashkil qilgan (2023 yilda 7,8 mlrd dollar). Bunga savdo balansi manfiy saldosining kamayishi bilan birga ikkilamchi daromadlar komponenti bo‘yicha kelib tushgan joriy transfertlar hajmining sezilarli darajada ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan.

Jumladan, eksportning importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi natijasida, savdo balansining manfiy saldosi (17,4 mlrd dollar) deyarli 2023 yil darajasida saqlanib qolgan.

2024 yilda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining o‘zgarishi va norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining ko‘payishi natijasida jami eksport hajmi 2023 yilga nisbatan 4,5 foizga o‘sib, 26,2 mlrd dollarni tashkil qildi (oltinsiz – 18,7 mlrd dollar, o‘sish 11 foiz).

Asosiy eksport xomashyo mahsulotlarining jahon narxlari tahliliga ko‘ra, 2024 yil davomida oltinning o‘rtacha narxi 2023 yil ko‘rsatkichiga nisbatan 23 foizga, kumush narxi 21 foizga, mis narxi 8 foizga hamda uran narxi 42 foizga o‘sgan bo‘lsa, to‘qimachilik sanoatining asosiy xomashyosi – paxtaning jahon narxi 9 foizga pasaygan.

2024 yilda jami import hajmi 2023 yilga nisbatan 2,3 foizga ko‘payib, 43,6 mlrd dollarga yetdi. Bu 2023 yilda ayrim turdagi tovarlarning bir martalik yirik importi o‘tgan yil davomida sezilarli darajada qisqargani bilan izohlanadi. Shunga qaramay, mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida xorijdan energoresurslar, mashina va uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlarining keltirilishi davom etdi.

2024 yilda mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab oshishi natijasida ish haqi miqdorining o‘sishi hamda mehnat migratsiyasi geografiyasining diversifikatsiyasi kabi ijobiy tendensiyalar birlamchi va ikkilamchi daromadlar komponentlari bo‘yicha tushumlarning ko‘payishiga xizmat qildi. O‘z navbatida, norezidentlarning investitsiya daromadlari oshishi xarajatlarni ko‘paytiruvchi omillardan bo‘lgan. Natijada birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi musbat saldo bilan shakllanib, mos ravishda 1,1 mlrd va 10,6 mlrd dollarni tashkil etgan holda savdo balansi taqchilligini qisman qoplagan. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi moliyaviy hisob bo‘yicha kapital tushumlar, xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri, portfel investitsiyalar va boshqa manbalar jalb qilinishi hisobiga moliyalashtirilgan.

Jumladan, 2024 yil davomida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi 2023 yilga nisbatan 32 foizga o‘sib, 2,8 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga 3,1 barobarga ko‘payib, 3,1 mlrd dollarni tashkil qildi. Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga 2024 yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi 7,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

Hisobot davrida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valutadagi qismi 734 mln dollarga qisqarishi kuzatilgan. Biroq oltin narxining yuqori sur’atlarda o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i 2024 yil boshiga nisbatan qariyb 6,6 mlrd dollarga ko‘payib, 2025 yilning 1 yanvar holatiga 41,2 mlrd dollarni tashkil qildi. 2024 yil yakuniga ko‘ra, to‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqeyi joriy yil boshiga nisbatan 11 foizga mustahkamlanib, 2025 yil 1 yanvar holatiga 13,7 mlrd dollarga yetdi.

Bunda rezidentlarning chet el valutasidagi aktivlari hajmi 11,8 mlrd dollarga (hisobot yili boshiga nisbatan o‘sish 14 foiz) oshgan bo‘lsa, tashqi majburiyatlari hajmi 10,4 mlrd dollarga (o‘sish 14 foiz) ko‘paydi.

O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi 64,1 mlrd dollarni (YaIMga nisbatan 55,7 foiz) tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi qariyb 33,9 mlrd dollar (YaIMga nisbatan 29,5 foiz) hamda korporativ tashqi qarz hajmi 30,2 mlrd dollarga teng bo‘ldi.

1.png
2.png
3.png
4.png

Mavzuga oid