Turkmanistonda YeI va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Uchrashuvda xavfsizlik, energetika, suv resurslari va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: X / kajakallas
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlarining 20-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ishtirok etdi.
Uchrashuvda xavfsizlik, energetika, suv resurslari va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash, iqlim inqiroziga qarshi kurash va Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga qaratilgan strategik tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.
Yig‘ilish kun tartibiga 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi birinchi sammitiga tayyorgarlik masalasi ham kiritildi.
Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idoralari rahbarlari xavfsizlik, energetika, suv resurslari va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi. Shuningdek, Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash, iqlim inqiroziga qarshi kurash va Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Barqaror rivojlanish va tinchlikni ta’minlash maqsadida BMT nizomi va xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga sodiqlik, davlatlarning xalqaro tan olingan chegaralari doirasida mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga qat’iy qo‘llab-quvvatlash bildirildi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma, Kimyoviy qurollarni taqiqlash va yo‘q qilish to‘g‘risidagi konvensiya hamda Yadro sinovlarini yalpi taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari orqali yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlari yuqori baholandi. Yevropa Ittifoqining Global Gateway strategiyasi, Team Europe tashabbusi va Yevropa moliya institutlarining ishtiroki orqali qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi e’tirof etildi.
Navbatdagi Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi iqtisodiy forumini 2025 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi ko‘rildi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, Yevropa bozoriga kirish imkoniyatlarini oshirish va xalqaro savdo aloqalarini kuchaytirishga e’tibor qaratadi.
Global Gateway strategiyasi doirasida savdo, transport, suv resurslari, energetika, iqlim o‘zgarishi, raqamlashtirish va muhim xomashyo kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ta’lim, tadqiqot va barqaror turizmni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Jahon savdo tashkilotini isloh qilish, YeIning O‘zbekiston va Turkmanistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlash, raqamli o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, inson huquqlarini ta’minlash va demokratik tamoyillarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uyushgan jinoyatchilik, ekstremizm, terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘onistondagi uzoq muddatli barqarorlik uchun inklyuziv siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
Iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kabi global tahdidlarga qarshi choralar ko‘rish muhimligi aytildi. Parij iqlim kelishuviga milliy hissa qo‘shish ustida ishlash muhimligi ta’kidlandi.
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlarida uran chiqindilari muammosini hal etish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy dasturlari yuqori baholandi. Shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini isloh qilish va mintaqada ta’lim hamkorligini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Mavzuga oid

18:52 / 01.04.2025
Shavkat Mirziyoyev: «Oldimizda mintaqamizni nafaqat barqaror, balki farovon qilish uchun tarixiy imkoniyat turibdi»

09:15 / 01.04.2025
“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti: Samarqand muhim muzokaralarga tayyorlanmoqda

21:00 / 31.03.2025
Yevropa uchta muammo iskanjasida qoldi - Rabbimov

16:13 / 31.03.2025