Google’ning Gemini sun’iy intellekt servisi barcha foydalanuvchilar uchun bepul bo‘ldi
Ushbu sun’iy intellekt algoritmi atigi bir necha kun oldin Google tomonidan «eng aqlli sun’iy intellekt modeli» sifatida taqdim etilgandi.

Foto: Reuters
Google kompaniyasi barcha Gemini ilovasi foydalanuvchilariga Gemini 2.5 Pro neyrotarmog‘ining tajriba versiyasidan bepul foydalanish imkoniyatini taqdim etdi. Mazkur qaror kutilmagan bo‘ldi, chunki ushbu sun’iy intellekt algoritmi atigi bir necha kun oldin Google tomonidan «eng aqlli sun’iy intellekt modeli» sifatida taqdim etilgandi.
Qayd etilishicha, Gemini 2.5 Pro nafaqat so‘rovlarga javob berish, balki mantiqiy fikrlash va tahlil qilish qobiliyatiga ham ega. Gemini 2.5 Pro hozircha tajriba bosqichidagi loyiha bo‘lsada, allaqachon ilovalar bilan integratsiya, fayllarni yuklash hamda Canvas bilan ishlash kabi asosiy funksiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Dastlab, ushbu algoritm faqat pullik Gemini Advanced obunachilariga taqdim etilgan edi, biroq dam olish kunlari Google uni barcha Gemini foydalanuvchilari uchun ochish rejasi borligini e’lon qildi.
Hozirning o‘zida Gemini 2.5 Pro imkoniyatlarini Gemini.google.com saytida sinab ko‘rish mumkin, tez orada esa neyrotarmoq Android va iOS uchun mo‘ljallangan Gemini ilovalarida ham paydo bo‘ladi. Google vakillari kompaniya o‘zining eng ilg‘or sun’iy intellekt modelini iloji boricha tezroq keng foydalanuvchilar auditoriyasiga taqdim etishni maqsad qilganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, hozirda Gemini 2.5 Pro foydalanuvchilarning baholariga asoslangan LMArena reytingida yetakchilik qilmoqda. Ushbu algoritm matematika (AIME 2025) va ilmiy (GPQA diamond) testlarida ham birinchi o‘rinda turibdi. Bundan tashqari, Google neyrotarmoqning dasturlash bo‘yicha ko‘nikmalarini yaxshilash ustida faol ishlamoqda.
Hozircha Google Gemini 2.5 Pro’ning doimiy versiyasini butunlay ochiq va bepul qilishni rejalashtiryaptimi yoki bu faqat sun’iy intellekt modelini sinovdan o‘tkazish jarayonining bir qismimi — noma’lum. Bu borada kompaniya hali rasmiy izoh bermadi.
Mavzuga oid

12:07 / 01.04.2025
Bojxona sohasida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi

20:59 / 26.03.2025
Alibaba va BMW birgalikda Xitoydagi avtomobillar uchun sun’iy intellekt ishlab chiqadi

10:54 / 24.03.2025
ChatGPT bilan muntazam muloqot xavfli oqibatlarga olib kelishi ma’lum qilindi

08:40 / 24.03.2025