Fan-texnika | 10:00 / 04.04.2025
7541
2 daqiqa o‘qiladi

Apple 250 mlrd dollar yo‘qotdi: endi iPhone qimmatlaydimi?

Apple kompaniyasi faqatgina payshanba kuni bozor qiymatidan 250 milliard dollardan ko‘prog‘ini yo‘qotdi. Uning aksiyalari Prezident Donald Trampning keng qamrovli bojlar siyosati tufayli 8,5 foizga tushib ketdi.

Foto: howtogeek.com

iPhone ishlab chiqaruvchisi Uoll-stritda eng katta yo‘qotishni ko‘rgan texnologik gigantlardan biri bo‘ldi. Investorlar xatarli aktivlardan pullarni chiqarib ola boshlar ekan, Tesla, Nvidia va Meta kompaniyalari 6 foizga pasaydi. Amazon aksiyalari esa 7,2 foizga arzonlashdi, deb yozmoqda TechCrunch.

Tramp chorshanba kuni tushdan keyin butun importga kamida 10 foiz miqdorida bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Ayrim mamlakatlar uchun esa bu raqam ancha yuqori — masalan, Xitoy uchun umumiy boj stavkasi 54 foizgacha chiqdi. Bojlar 5 apreldan kuchga kiradi.

Wedbush Securities tahlilchilari bu bojlarni texnologik sarmoyadorlar uchun «eng yomon ssenariydan ham yomonroq», deb atadi.

Oq uy bu bojlarni muzokara vositasi emas, balki ichki ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun zarur chora, deb hisoblaydi. Prezident ularni «Amerika iqtisodiyotini ozod qilish harakati», deb ta’rifladi.

Tramp tomonidan AQShga import qilinadigan mahsulotlarga qo‘yilgan bojlar Appleʼning Xitoydan to Tayvan, Hindiston va Vyyetnamgacha bo‘lgan barcha yirik ta’minotchilar va ishlab chiqarish markazlariga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa Apple tomonidan sotiladigan har bir iPhone, iPad, Mac va aksessuar modellari narxiga ta’sir qiladi.

Apple rahbari Tim Kuk ma’muriyat bilan yaqin munosabat o‘rnatishga uringan bo‘lsa-da, hozirda uning oldida ikki yo‘l bor: yoki mahsulotlar narxini iste’molchilar uchun oshiradi, yoki yuzaga keladigan milliardlab dollar yo‘qotishlarni o‘z zimmasiga oladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid