O‘zbekiston | 22:24 / 04.04.2025
3292
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Markaziy Osiyo Iqlim forumi o‘z ishini boshladi

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva forumda O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini taqdim etadi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Samarqandda Markaziy Osiyo Iqlim forumi o‘z ishini boshlaganini ma’lum qildi. «O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini taqdim etish men uchun katta sharafdir», — deb yozadi u o‘zining Telegramʼdagi kanaliga.

Markaziy Osiyo — tabiiy omillarga eng ta’sirchan mintaqalardan biri hisoblanadi: 70 yil davomida bu hududda harorat Tselsiy bo‘yicha 1,5–2 darajaga ko‘tarilgan. Orol fojiasi esa global ekologik inqirozning ramziga aylangan.

Ta’kidlanishicha, hozirda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Markaziy Osiyoning yashil rivojlanish» konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. U yashil texnologiyalardan tortib barqaror urbanizatsiyagacha bo‘lgan barcha sohalarni to‘la qamrab oladi. Saida Mirziyoyeva ushbu konsepsiya COP30 forumida qabul qilinishiga umid bildirdi.

«Orolbo‘yi va Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish shaxsan men uchun ustuvor vazifadir. Bu borada uchta yo‘nalishda — ekologiya, infratuzilma va madaniy tiklanish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Nukusda ochilishi bo‘lib o‘tadigan Orol madaniyat sammiti ham fan, san’at va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Biz muloqot va hamkorlikka ochiqmiz. Faqatgina birgalikda biz Yer yuzini asrab qolishimiz va farzandlarimiz, nabiralarimiz hamda bizdan keyingi barcha avlodlar uchun yaxshiroq kelajakni barpo etishimiz mumkin», — deb yozadi prezident yordamchisi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid