Fan-texnika | 23:52 / 04.04.2025
4109
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp TikTokʼning AQShdagi faoliyatini yana 75 kunga uzaytirishini ma’lum qildi

Ijtimoiy tarmoqning Amerika bo‘linmasini sotish uchun belgilangan so‘nggi muddat 5 aprelda tugashi kerak edi. Donald Tramp bitim ustida ishlar davom etayotgani bois TikTok faoliyatini uzaytirishga xizmat qiladigan farmonni imzoladi.

Foto: Getty Images

Donald Tramp TikTok ijtimoiy tarmog‘ining AQShdagi faoliyatini yana 75 kunga uzaytirish imkonini beruvchi farmonni imzolaganini e’lon qildi.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, uning ma’muriyati «TikTokʼni qutqarish bo‘yicha bitim ustida tinmay ishlayapti», ammo buning uchun «yana ozgina ter to‘kish» talab etiladi va shu boisdan u ijtimoiy tarmoq faoliyatini uzaytirishga oid farmonni imzolagan.

«Biz Xitoy bilan vijdonan hamkorlikni davom ettirish umididamiz. Tushunishimcha, ular o‘zaro bojlarimizdan unchalik mamnun emas… Bu bojlar — eng kuchli iqtisodiy vosita ekanini va milliy xavfsiligimiz uchun nihoyatda muhimligini isbotlaydi! Biz TikTokʼning «soyaga ketishini» xohlamaymiz. TikTok va Xitoy bilan hamkorlik qilib, kelishuvga erishishni intiqlik bilan kutyapmiz», — deb yozadi Tramp TruthSocial ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga.

TikTokʼka egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasi ijtimoiy tarmoqning Amerika bo‘linmasini sotishi uchun qo‘yilgan so‘nggi muddat 5 aprelda yakunlanishi kerak edi.

2024 yil bahorda AQSh vakillar palatasi TikTok Xitoyning ByteDance kompaniyasidan ajratilmasa, mamlakatda ushbu ijtimoiy tarmoqni taqiqlash imkonini beradigan qonunni ma’qullagan edi. Kongressmenlarning hisoblashicha, TikTok milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otadi, chunki Xitoy hukumati ByteDance’ni ilovaning amerikalik foydalanuvchilariga oid ma’lumotlarni berishga majburlashi mumkin. Aprel oyida hujjat AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolangan, yanvar oyida, Tramp inauguratsiyasidan oldin esa AQSh Oliy sudi mazkur qonunni qo‘llab-quvvatlagan edi.

20 yanvar kuni o‘tkazilgan inauguratsiyadan keyin Tramp AQSh bosh prokuroriga qonunning kuchga kirishini 75 kunga kechiktirishni buyurdi. U TikTok o‘z aksiyalarining 50 foizini Amerika kompaniyalariga topshirsa, AQSh hududidagi faoliyatini davom ettirishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid