O‘zbekiston | 10:43 / 04.04.2025
6940
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo strategik sheriklarga aylanadi

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo aloqalari rasman strategik sheriklik darajasiga ko‘tariladi. Bugun 4 aprel kuni Samarqandda ikki muhim tadbir bo‘lib o‘tadi. Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen “Team Europe” dasturini e’lon qilishi kutilmoqda. Bu bilan Markaziy Osiyoning suv, energetika va ekologik loyihalari moliyalashtirilishiga imkon yaratiladi. Kunning ikkinchi qismida esa prezidentlar ishtirokida iqlim forumi bo‘lib o‘tadi.

Aytish joizki, sammit Markaziy Osiyo davlatlari oxirgi yillarda integratsiya va bir-biriga yaqinlashuvi davom etayotgan, yaqindagina chegara masalalari uzil-kesil hal qilingan, dunyoda esa Ukraina urushi bo‘yicha AQSh o‘z pozitsiyasini strategik o‘zgartirgan, Donald Tramp ma’muriyatining Yevropaga “muammo yaratuvchilar” deb qaragan davrda o‘tkazilmoqda.

Kecha, 3 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga kelgan har bir prezident bilan ko‘rishib, muloqot qildi. Qo‘shni davlatlar prezidentlari ham Samarqandda Yevroittifoq rahbarlari bilan alohida ko‘rishib, muzokara o‘tkazdi.

Prezident matbuot kotibiga ko‘ra, bugun Yevropa ittifoqi - Markaziy Osiyo sammitining asosiy yutuqlaridan biri - tadbir yakunida imzolanadigan Samarqand deklaratsiyasi. Bu hujjat ikki mintaqani strategik sheriklarga aylantiradi.

Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyenning ma’lum qilishicha, u bugun “Team Europe” dasturini e’lon qiladi. Bu Markaziy Osiyoning loyihalari uchun donorlik yoki aniqroq aytsak, moliyalashtirish dasturi. Aytilishicha, mintaqaning suv, energetika va ekologik loyihalari birinchi o‘rinda moliyalashtirilishi kerak. Bu haqida Lyayyen UzA’ga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

“Yevrokomissiya sammitni Yevropa ittifoqining chet el hamkorlari bilan savdo aloqalarini xilma-xillashtirish strategiyasi doirasida AQSh bojxona to‘lovlariga Yevropaning javobi elementlaridan biri sifatida ko‘rmoqda”, deydi Ursula fon der Lyayyen Strasburgdagi Yevroparlament sessiyasidagi nutqida.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoning birlamchi raqamli hamkorlari an’anaviy ravishda Xitoy va Rossiya bo‘lib qolar ekan, Yevropa ittifoqi mintaqa uchun yangi o‘zlikni topish tomon qadam bo‘lishi ham mumkin. O‘z navbatida AQSh NATO davlatlari, ittifoq va o‘z qo‘shnilariga qarashini o‘zgartirgan, Yevropa okeanning narigi tomonida bo‘lib ham Vashington uchun doimiy muammolar yaratib, pul oladigan mintaqa deb qarashi fonida Markaziy Osiyo ham Bryussel uchun yangi o‘zlikni topishning bir qismi hisoblanadi.

Sammitda albatta ittifoq va Markaziy Osiyoning savdo-iqtisodiy, transport-logistika, xavfsizlik masalalari bo‘yicha aloqalari haqida so‘z boradi. O‘zbekiston Afg‘onistonni dunyoga integratsiya qilish haqida fikr bildirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshgan. Bu 2020 yildan beri 2 baravarga oshgan. O‘zbekistonga GSP+ savdo maqomi berilganidan keyin Yevropaga eksport 2020 yildan beri 4 barobarga ko‘paygan. Qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari yashil energetika, infratuzilma, yengil sanoat, o‘ta muhim xomashyo resurslarini qayta ishlash sohalarida qator yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirmoqda, deydi Sherzod Asadov kechagi brifingda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid