O‘zbekiston | 16:45 / 07.04.2025
6698
3 daqiqa o‘qiladi

8 ta viloyatda sel xavfi e’lon qilindi

8–9 aprel kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida 9 aprelga o‘tar kechasi hamda shu kuni kunduzi 50 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkinligini aytmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zgidromet 8–9 aprel kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchilik sabab 8 ta viloyatda sel xavfi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ma’lum qilinishicha, quyidagi hududlarda sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin:

  • Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
  • Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobod tumanlarida;
  • Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
  • Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
  • Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
  • Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
  • Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
  • Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 8 aprel kunning ikkinchi yarmida Turkmanistondan Murg‘ob siklonininng avvaliga janubiy viloyatlar, vohaga kirib kelishi kuzatiladi. Bu holat kuchli jala, yomg‘ir, chaqmoq va momaqaldiroqli ob-havo fonida yuz berishi sababli aynan mana shu hududlarda qisqa vaqt oralig‘ida intensiv yog‘ingarchilik kuzatilishi ehtimoli yuqori.

Haroratning ko‘tarilishi ortidan yuzaga kelayotgan nam havo oqimlari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari tog‘ etaklarida sel-suv toshqini xavfi boshqa hududlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, – deydi u.

Uning ta’kidlashicha, 4-7 aprel kunlari uchun O‘zgidromet bergan prognozlarda ko‘plab hududlarda sel va suv toshqinlarini kuzatilishi kutilgandi, ammo bu ro‘y bermadi. Shu bois, xavf ehtimoli yuqori bo‘lgan manzillarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.

8 apreldan 9 aprelga o‘tar kechasi respublikaning bir qator hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Ayniqsa, tog‘ etaklari va Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida 9 aprelga o‘tar kechasi hamda 9 aprel kuni kunduzi 12 soat ichida 50 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida, mazkur hududlarda sel va suv toshqini xavfini kuchaytiradi”, – deya qo‘shimcha qildi iqlimshunos.

Mavzuga oid