O‘zbekiston | 08:16
4294
3 daqiqa o‘qiladi

«Turkiy dunyo yagona alifboga ega bo‘lishi kerak» - No‘’mon Qurtulmush

Turkiya Buyuk Millat Majlisi spikeri No‘’man Qurtulmush Xorazmda bo‘lib o‘tgan «Yoshlar - turkiy dunyoning porloq yulduzi: umumiy merosimiz, umumiy kelajagimiz» anjumanida chiqish qildi. Tadbir Islom hamkorligi yoshlar forumi (ICYF) tashabbusi bilan Xiva shahrida tashkil etildi.

Foto: fb.com/numankurtulmus

O‘z nutqida Qurtulmush turkiy dunyo — Markaziy Osiyodan Anatoliya, Bolqon va Yevropagacha cho‘zilgan, 300 mln kishilik aholisi bilan yangi geosiyosiy kuchga aylanayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kuch Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi taranglikdan xoli yangi tinchlik o‘qi bo‘lishi mumkin.

«Yer yuzidagi barcha jismoniy, ma’naviy va geografik farqlarning muvozanatida joylashgan turkiy dunyo o‘z 300 millionlik aholisi bilan insoniyatning yangi yulduziga aylanmoqda», — dedi u.

Qurtulmush bir necha asosiy yo‘nalishlarda umumiylik zarurligini ta’kidladi: umumiy shaxsiyat va madaniy meros, ilmiy-texnologik taraqqiyot hamda iqtisodiy va savdo aloqalarni mustahkamlash.

«Turkiy dunyo umumiy alifboga ega bo‘lishi kerak. Keyin umumiy tarix yaratishimiz lozim. Bu eng muhim nizomlarimizdan biri. Shundagina 300 million kishi yagona shaxsiyat va umumiy meros vakiliga aylanadi», — dedi Turkiya parlamenti spikeri.

U turkiy xalqlar madaniyati davlat chegaralaridan ustun ekanini ta’kidladi: «Qozog‘istondagi Ahmad Yassaviyni Xivadagi Yusuf Hamadoniydan ajratadigan chegara yo‘q. Qirg‘iziston bilan O‘zbekistondagi madaniy meros o‘rtasida masofa degan narsa yo‘q».

Ilm-fan va texnologiyalar mavzusida Turkiyaning mudofaa sanoatidagi yutuqlarini tilga olar ekan, Qurtulmush mazkur yutuqlar butun dunyoda mudofaa strategiyalarini o‘zgartirganini qayd etdi va turkiy davlatlar o‘rtasida yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

U global savdo tizimidagi o‘zgarishlar tufayli iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish zarurligini ham ta’kidladi. Uning aytishicha, «jahondagi yangi muvozanat xalqaro savdo muvozanatida ham o‘zgarishlarga olib kelishi aniq».

Nutqining yakunlovchi qismida Qurtulmush turkiy davlatlar insoniyat uchun yangi, adolat va tinchlikka asoslangan jahon tartibini barpo etishi mumkinligini ta’kidladi: «Dunyoda adolat, tenglik, tinchlik, shafqat, vijdon va insoniylikni tiklash imkoniyati yuzaga keldi».

Mavzuga oid