Raqobat qo‘mitasi litsenziyasiz turfirmalar faoliyatini reklama qilish taqiqlanganini eslatdi
Raqobat qo‘mitasi «noto‘g‘ri, ishonchsiz va shubhali reklamalar kuzatilsa yoki bundan zarar ko‘rganlar bo‘lsa» murojaat qilishi mumkinligini bildirdi. Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, «umrachi» turfirmalar orasida “Panorama Airways” va “Gulbakhor Airways" fuqarolarga eng ko‘p – 25 mlrd so‘m zarar yetkazgan.
Raqobat qo‘mitasi internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali Umra ziyoratiga yuborish uchun tegishli litsenziya va ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan turoperatorlar arzon narxda «turpaketlar» sotish taklifi asosida reklamalar berayotganini ma’lum qildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagi firmalar fuqarolarga zarar yetkazganini ma’lum qilgan:
- Umra ziyoratchilariga eng katta miqdorda, ya’ni 25 mlrd so‘mlik zararni “Panorama Airways” va “Gulbakhor Airways" firmalari yetkazgan bo‘lib, aldanib qolgan jabrlanuvchilar soni 2 558 nafarni tashkil etadi;
- Surxondaryo viloyati «Bilolbek travel» MChJ Jarqo‘rg‘on tumani filiali xodimi tegishli ruxsatnomasiz «Umra» ziyoratiga yuborishni va’da qilib, fuqaro M.A.ning 14 mln 900 ming so‘m miqdoridagi pulini olgan;
- shuningdek, mazkur MChJning Boysun tuman filiali mutaxassisi ham ziyorat uchun fuqaro X.M.ning ishonchiga kirib, 2 200 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Yuqoridagi holatlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarning aldov yo‘li bilan ishonchiga kirib, pullarini o‘zlashtirayotgan, o‘zlarini esa xorijda sarson bo‘lishiga sababchi bo‘layotgan sayyohlik firmalari va turoperatorlariga tegishli choralar ko‘rilgan.
2024 yil oktyabr oyidagi hukumat qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Hozirgi kunda Umra ziyoratiga olib borish uchun 12 ta turoperatorlar va O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ruxsat berilgan.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasining eslatishicha, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.
Shu sababli, qo‘mita «noto‘g‘ri, ishonchsiz va shubhali reklama axborotlari berilgan holatlar kuzatilsa yoki bunday axborot tufayli zarar ko‘rgan taqdirda Raqobat qo‘mitasining yagona ishonch (1159) raqamiga murojaat qilishni» so‘ragan.
Mavzuga oid

14:42 / 11.04.2025
Raqobat qo‘mitasi qurilishni vaqtida tugallamagan qurilish kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

10:42 / 02.04.2025
«Uzum Tezkor» ustun mavqega ega raqamli platforma deb topildi

23:18 / 27.03.2025
“Marhamat, biz ochiqmiz” – vazirlik yuridik yo‘nalishda litsenziya ololmayotgan oliygohlar bilan muloqotga tayyorligini bildirdi

21:05 / 27.03.2025