Jahon | 11:03 / 08.04.2025
3049
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar haqida e’lon qildi

AQSh Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormoqda, dedi Donald Tramp 12 aprel kuni bo‘ladigan muhim uchrashuv haqida e’lon qilar ekan. AQSh prezidenti Tehronga tomonlar kelishuvga erisha olmasa, «katta xavf» bilan tahdid qildi.

Foto: Leah Millis / Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Tehron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. «Biz Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormoqdamiz va ular allaqachon boshlandi», dedi u 7 aprel, dushanba kuni Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «to‘g‘ridan to‘g‘ri, amaliy jihatdan eng yuqori darajadagi juda muhim uchrashuv» kelasi shanba, 12 aprel kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

«Menimcha, kelishuv imzolanishi afzalroq bo‘lishi aniq», — deya qo‘shimcha qildi Tramp. Aks holda, muzokaralar natija bermasa, u Eronga «katta xavf» bilan tahdid qilgan. «Eron yadro quroliga ega bo‘la olmaydi va agar muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘lmasa, menimcha, bu Eron uchun juda yomon kun bo‘ladi», deb ta’kidladi Oq uy rahbari.

Tramp Netanyahu bilan uchrashuvida Eron masalasini muhokama qilganini aytdi.

Mavzuga oid