O‘zbekiston | 15:42 / 09.04.2025
12025
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahar bandlik bo‘limi boshlig‘i o‘z xonasida psixotrop modda iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi

IIV o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri jarayonida fuqarodan 0,69 gr gashish giyohvand moddasi olinganini bildirdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroning psixotrop modda iste’mol qilayotgani aks etgan suratlar tarqaldi. Surat ostida qoldirilayotgan izohlarda ushbu shaxs Andijon shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i ekani va u buni ish vaqtida xizmat xonasida sodir etgani yozilmoqda. Suratlarda bir kishi baklajkani yarim kesgan holda banka ustiga qo‘yib, undan chiqqan tutunni tortayotgani aks etgan.

Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi matbuot xizmati suratlardagi shaxs boshqarmaning Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i ekanini Daryo.uz’ga tasdiqlagan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova voqeadan xabardorligini, holatga aniqlik kiritishga urinayotganini bildirgan.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri jarayonida fuqarodan jami 0,69 gr gashish giyohvand moddasi olingan. Holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismida giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish jinoyati nazarda tutilgan. Ushbu qilmish uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Urgutda sherigi bilan shartli xaridorga qariyb 1 kg opiy giyohvand moddasini 12 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan maktab direktori 10 yilga qamalgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid