AQSh “Tolibon” bilan faol muloqotga kirishdi. G‘arbning talablari o‘zgardimi?
O‘tgan oy Kobulga kutilmaganda AQSh delegatsiyasi kelgandi. Keyinroq MRB direktorining shaxsan o‘zi Bagram aviabazasiga borgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Xo‘sh, Tramp davrida AQSh–“Tolibon” munosabatlari qanday o‘zgarmoqda? Inson huquqlari kabi masalalar endi ustuvor emasmi? Kun.uz muxbiri Afg‘oniston atrofidagi geosiyosiy savollarni tahlilchilar Hamza Boltayev va Islomxon G‘afforov bilan muhokama qildi.
— Tramp kelganidan keyin Vashingtonning Afg‘oniston bo‘yicha siyosatida o‘zgarishlar bo‘lyapti, deyish mumkinmi?
Hamza Boltayev: AQShning Afg‘onistonga nisbatan tashqi siyosatida umumiy yo‘nalish o‘zgargani yo‘q, faqatgina realizatsiya qilishdagi ba’zi bir taktik o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Avvalgi administratsiyalar davrida AQSh va “Tolibon” o‘rtasidagi muloqotlar Dohada yoki boshqa shaharlarda turli formatlarda bo‘lib turgan. Hozirgi Tramp administratsiyasi va undan oldingi rahbarlar o‘rtasidagi farq shundan iboratki, avvalgi administratsiyalar G‘arb mamlakatlari ilgari surgan inklyuziv hokimiyat qurish, inson huquqlari, ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash singari g‘oyalarni muloqotning asosiy sharti sifatida qo‘yib kelgan.
Hozirgi kunda Tramp administratsiyasi nafaqat Afg‘oniston yo‘nalishida, balki boshqa davlatlar bilan tashqi siyosatida ham birinchi navbatda Amerika manfaatlarini qo‘yyapti.
AQSh nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy jihatdan ham Xitoy bilan raqobatga kirishgan, shu yo‘lda G‘arbning shakllangan demokratik g‘oyalaridan chekinib bo‘lsa ham Afg‘onistonda Pekinga qarshi o‘z ta’sirini tiklashga urinyapti.
Islomxon G‘afforov: AQSh kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan keyingi tendensiyalardan to‘rttasini ajratib ko‘rsatmoqchiman.
Birinchidan, AQSh Bayden davrida Afg‘onistonda urushni tugatdi, lekin terrorizmga qarshi kurashishda davom etishlarini bildirishdi. 2022 yilda Ayman al-Zavohiriy (Usoma bin Lodinning yaqin maslakdoshi edi) AQSh dronlari tomonidan o‘ldirildi.
Ikkinchidan, biroz vaqt o‘tib, Bayden administratsiyasi siyosiy va diplomatik jihatdan toliblarni rad eta boshladi. Boykot qildi deyish mumkin. Shuning uchun ham Doha platformasi asosiy muloqot platformasiga aylanib qolgan edi.
Donald Tramp saylov kompaniyasi vaqtidan boshlab Bayden administratsiyasini keskin tanqid qilib keladi. Uning fikricha, Bayden Afg‘onistondan qo‘shinlarni tartibsiz olib chiqqan va AQSh sha’niga dog‘ tushirgan. Tramp davlat tepasiga kelgach, men ikki xil taktikaga guvoh bo‘ldim. Birinchisi, ular toliblarni keskin tanqid qildi. Ya’ni Afg‘onistonda qolgan qurol-yarog‘larni AQShga qaytarishni talab qildi, “Bagram” aviabazasi xitoyliklar nazoratiga o‘tayotganini aytib, uni qaytarib olish haqida bayonotlar berdi. Bundan tashqari, USAID'ning gumanitar yordamlarini cheklab qo‘yishdi.
Shuningdek, Vashington Afg‘onistondagi vaziyatni keskin qoralab turdi. Lekin bu kerakli natijani bermadi shekilli, mart oyining o‘rtalaridan boshlab bu taktika o‘zgardi va Tramp ma’muriyati “Tolibon” bilan ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirishdi.
Mart oyi oxirida AQSh prezidentining ikki vakili Kobulga tashrif buyurib, [tashqi ishlar vaziri] Amirxon Muttaqiy bilan uchrashdi. Ularning natijasiga ko‘ra, [amerikalik aviatsiya muhandisi] Jorj Klezmin ozod etildi. Ya’ni bu bilan AQShning afg‘on vektorida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirish boshlanganini ko‘rishimiz mumkin.
Hamza akaning fikriga qo‘shilaman, AQSh uchun Afg‘oniston bilan bog‘liq asosiy masala – Xitoy omili. Chunki AQSh 20 yil Afg‘onistonda urush olib bordi, demokratik davlat quramiz dedi, shu maqsadda ikki trillion dollar sarmoya kiritdi. Lekin oxir-oqibat Afg‘onistonning iqtisodiy jihatdan Xitoyga bog‘liqligi ortib boryapti. Bu esa AQSh uchun ikki karra mag‘lubiyat degani.
— Prezident Mirziyoyevning Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitidagi Afg‘oniston bo‘yicha bayonoti G‘arbda qanday qabul qilinmoqda?
Hamza Boltayev: Prezident Afg‘oniston masalasini deyarli barcha ahamiyati yuqori bo‘lgan uchrashuvlarda tilga oladi. Bu bilan O‘zbekiston Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning bir bo‘lagi deb hisoblashini urg‘ulaydi.
Yevropa bilan bo‘lib o‘tgan yangi muloqotlarda bu mavzu yana ko‘tarilishiga sabab – O‘zbekiston doim Afg‘oniston va boshqa uchinchi davlatlar bilan munosabatlarda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tashdan manfaatdor. Bu orqali O‘zbekiston o‘zining reputatsiyasini ko‘tarib, rasmiy Toshkentga nisbatan tashqi dunyoda ishonch ortadi va munosabatlar uzoq muddatli bo‘ladi.
Shu vaqtgacha Vashington Kobul bilan munosabatlarini Toshkent orqali shakllantirgan nuqtalari ko‘p bo‘lgan Lekin har qanday kutilmagan o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, masalan, Tramp ma’muriyati bevosita “Tolibon” bilan muzokaralar o‘tkazishni boshladi. Afg‘oniston masalasida O‘zbekistonning xalqaro rolini kuchaytirish ushbu Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammitida muhokama qilingan deb o‘ylayman.
Islomxon G‘afforov: “Tolibon” Germaniya bilan munosabatlarida ham yaqinlashuv ro‘y berayotganni sezdik. Ular bevosita uchrashishni boshlagan va o‘z fikrlarini “Tolibon” tomoniga yetkazgan. Yevropa Ittifoqi davlatlari ham toliblar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirish istagida ekani ko‘rinib turibdi. Prezident Mirziyoyev aytib o‘tdiki, Afg‘onistonni hududiy yirik iqtisodiy loyihalarga jalb etishimiz kerak. Bu so‘zlari Yevropa tomonidan ijobiy qabul qilindi, ya’ni yevropaliklar ham xavfsizlik masalalariga iqtisodiy va ijtimoiy yondashuv orqali yechim izlamoqda.
"Soft power" degan tushuncha bor, ya’ni masalalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri kuch bilan emas, balki tinch usullar: qashshoqlikni qisqartirish, sog‘liqni saqlash yoki ta’limga e’tibor qaratish orqali xavfsizlikni saqlashga urg‘u beriladi. Aynan shu tarzda O‘zbekiston ham Afg‘onistondagi barqarorlikni ta’minlashda yirik iqtisodiy loyihalarni faol ravishda jalb etmoqda. Bu loyihalar Yevropa tomoniga ma’qul kelmoqda. O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinch taraqqiyot bo‘yicha maslahatlashuvlarga ochiqligini bildirishi, uni mintaqadagi “diplomatik vositachi” sifatida ko‘rsatadi. YeI uchun bu muhim, chunki Yevropa “Tolibon” bilan bevosita muloqot qilishdan qochadi, lekin Afg‘oniston masalasidagi ta’sirni saqlashni istaydi.
Markaziy Osiyoda chegaralar xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan BOMCA (Border Management Programme in Central Asia) va narkotrafikka qarshi kurashishga doir CADAP (Central Asia Drug Action Programme) texnik hamkorlik platformalari YeIning Afg‘oniston borasidagi siyosatida qo‘l kelishi mumkin. Shuning uchun ham prezident shu nuqtalarga urg‘u bergan deb o‘ylayman.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube sahifada tomosha qilishingiz mumkin.
Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

23:51 / 12.04.2025
Tramp tariflar bilan bog‘liq muvaffaqiyatsizlikda yordamchilarini aybladi – OAV

22:54 / 12.04.2025
Tramp Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bir yilga uzaytirdi

21:19 / 12.04.2025
Eron va AQSh Ummonda yadroviy kelishuv bo‘yicha ilk muzokaralarni o‘tkazdi

20:19 / 12.04.2025