Microsoft dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Microsoft texnologik giganti dunyoning eng qimmat kompaniyalari reytingida Appleʼni ortda qoldirdi. Tramp joriy etgan import bojlari sabab iPhone ishlab chiqaruvchisining aksiyalari qiymati tushib ketdi.

Foto: Shutterstock
Microsoft Apple aksiyalari qulaganidan keyin kapitalizatsiyasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. 8 aprel kungi savdolar yakuniga ko‘ra, Apple kapitalizatsiyasi 2,59 trillion dollarni tashkil etgan bir vaqtda Microsoftʼning bozor qiymati 2,64 trillion dollarga yetgan.
Savdolar yopilgan paytda Apple aksiyalari qiymati — 172,42 dollar (-4,98 foiz), Microsoftʼniki esa 354,56 dollarni (-0,92 foiz) tashkil etgan. Kapitalizatsiya bo‘yicha uchinchi o‘rinni Nvidia egallagan — 2,35 trillion dollar. Kompaniya aksiyalari 1,37 foizga arzonlashib, 96,3 dollarni tashkil etgan. Amerika fond bozorida savdolar boshlanishidan oldin uchala kompaniyaning ham kapitalizatsiyasi 3 trillion dollardan oshiq edi.
Jahon moliya bozorining qulashi AQSh import bojlarini kengaytirgani hisobiga sodir bo‘lmoqda. 2 aprel kuni prezident Donald Tramp dunyoning ko‘plab davlatlariga nisbatan 10-50 foizli bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Ular 9 apreldan kuchga kirmoqda. Shu bilan birga, Tramp Xitoy uchun 104 foizli bojlar joriy etdi.
Trampning tariflaridan IT-kompaniyalar orasida eng ko‘p Apple zarar ko‘rdi, chunki kompaniya o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishda asosan Xitoyga bog‘langan. Amerika prezidentining qarori fonida iPhone ishlab chiqaruvchisining aksiyalari 23 foizga qulagan — bu Apple uchun 2000 yildan beri qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkich.
Bloombergʼga ko‘ra, aksiyalar qiymati tushayotganiga qaramay, Apple bojlardan qisman foyda ham ko‘rishi mumkin. Amerika prezidenti ma’muriyati import bojlari joriy etilishini e’lon qilganidan keyin Apple do‘konlarida iPhone sotib olishni xohlovchilardan iborat navbatlar paydo bo‘lgan. Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, xaridorlar narxlarning keskin oshishidan qo‘rqib, «vahimada smartfon sotib olmoqda».
Avvalroq Apple kompaniyasi mart oyi oxirida uch kun ichida Hindistondan AQShga beshta samolyotda iPhone va boshqa gadjetlarni keltirgani ma’lum bo‘lgandi.
Mavzuga oid

23:51 / 12.04.2025
Tramp tariflar bilan bog‘liq muvaffaqiyatsizlikda yordamchilarini aybladi – OAV

16:11 / 12.04.2025
Apple Indoneziyada smartfon sotishga ruxsat oldi

08:03 / 12.04.2025
Yevropa Trampni Ukrainaga xavfsizlik kafolati berishga ko‘ndirish rejasini tayyorlamoqda - Bloomberg

20:19 / 11.04.2025