O‘zbekiston | 16:37 / 09.04.2025
4118
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident zamonaviy turizm marshrutlarini tashkil etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi

Haligacha Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzga bormagan oilalar ko‘pligi qayd etildi. Shu bois, har oyning bitta shanba va yakshanbasi – «oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish» kuni, deb e’lon qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turizm qo‘mitasi hokimliklar bilan birgalikda 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha katta dastur tasdiqlaydi. 

Masalan, Sariosiyo tumani hududining asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, qishki turizm uchun katta salohiyat mavjud. Bu yerda dor yo‘li, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari sohasida 200 million dollarlik loyihalar qilsa bo‘ladi.

Yana bir misol, Chortoq o‘zining shifobaxsh suvlari bilan mashhur bo‘lsa-da, tuman hokimi yangi loyiha qilish uyoqda tursin, bor sanatoriyalarga ham xorijiy sayyoh olib kela olmayapti.

Yoki, Mo‘ynoqda har yili o‘tadigan «Stixiya» musiqa festivaliga kelgan sayyohlarni ko‘proq olib qolish uchun yangi tashabbuslar kerak.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 36 ta tuman va shahar bo‘yicha master rejalar ishlab chiqishni tezlatib, loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish topshirildi.

Xorijiy turistlar sonini oshirish masalasi ko‘rib chiqilar ekan, BBC, Euronews kabi nufuzli platformalarda, yana 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarda turizm keng targ‘ibot qilinayotgani ta’kidlandi.

Bu borada elchilarimiz ishtirokida boshqa davlatlarda ham targ‘ibot ishlarini faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Masalan, Xitoyning eng olis provinsiyalari, Hongkongdan ham sayyohlar kelishni boshladi. Yoki, Polshaga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani uchun ushbu mamlakatdan sayyohlar 7 karra oshdi, butun Sharqiy Yevropadan turist olib kelish imkoni paydo bo‘ldi.

Fransiyaga tashrifda 14 ta yangi zamonaviy Airbus samolyotini xarid qilish, yana 5 tasini ijaraga olishga kelishildi, Boeing kompaniyasi bilan 12 ta samolyot olib kelish bo‘yicha muzokara boshlandi. 

Mutasaddi vazirlik va idoralarga bu imkoniyatdan unumli foydalanib, qayerga nechta reys qo‘yish va qancha sayyoh olib kelishni hozirdan hisob-kitob qilish topshirildi.

O‘tgan yili Mo‘g‘uliston bilan turizm bo‘yicha katta kelishuvga erishilgani hisobiga sayyohlar 100-200 nafardan 4 mingga oshdi.

Ko‘rfaz davlatlarida doimiy sayohat qiladigan 3 million aholi bor. Lekin ularning ko‘pi Ozarboyjon, Gruziya, Albaniya, Xorvatiya kabi vizasiz rejim bo‘lgan mamlakatlarga boryapti.

«To‘g‘ri, bu davlatlarga 10 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. Lekin, bu muddat 30 kunga uzaytirilsa, sayyohlar 5-6 karra ko‘payadi. Bundan tashqari, Hindiston, Pokiston, Misr va Erondan sayyohlarga viza berishni yengillashtirish mumkin», - dedi davlat rahbari.

Rossiya va Xitoyning hududlari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgani uchun investitsiya va sayyohlar oqimi keskin oshdi. Endi bu tajribani kengaytirib, Yaponiya, Koreya va Yevropa davlatlari bilan ham tashkil qilish topshirildi.

Milliy turizm yagona platformasini ishga tushirishni tezlashtirish, unda chipta olish va elektron viza berish imkoniyatlarini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Malayziya va Indoneziyadan «Umra plyus» dasturi orqali 100 ming ziyoratchini jalb qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Mutasaddilarga Kuala-Lumpur va Jakartadan Samarqand, Buxoro orqali Jidda shahriga reys qo‘yish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish topshirildi.

So‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor tufayli mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetdi (2017 yilda 5 millionta edi).

Lekin haligacha Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzga bormagan oilalar ko‘p. Shu bois, har oyning bitta shanba va yakshanbasi – «oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish» kuni, deb e’lon qilinadi.

Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat» yo‘llanmasini sovg‘a qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Har yili ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga 20 milliard so‘m ajratiladi.

Mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.

photo_2025-04-09_15-56-30.jpg
photo_2025-04-09_16-26-22.jpg

Mavzuga oid