Jahon | 00:56 / 09.04.2025
2939
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning boyligi o‘zi joriy etgan bojlar sabab 500 mln dollarga kamaydi

AQSh prezidentiga qarashli kompaniyalar aksiyalari qiymati Amerika birjalarida sotiladigan boshqa qimmatli qog‘ozlar kabi qulashni davom etmoqda.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning boyligi aktivlari qiymatining tushib ketishi hisobiga 500 million dollarga kamaydi, deb xabar beradi Forbes.

Trampga qarashli kompaniyalar aksiyalari Amerika birjalarida sotiladigan boshqa qimmatli qog‘ozlar kabi AQSh prezidenti tomonidan dunyoning deyarli barcha davlatlaridan import qilinadigan tovarlarga nisbatan joriy etilgan bojlar sabab tushib ketdi.

AQSh fond birjalarida aksiyalar narxi ketma-ket uch savdo sessiyasi davomida pasaygan — bu holat Tramp boshlab bergan savdo urushiga javob hisoblanadi. 

Tramp yangi boj to‘lovlarini e’lon qilishidan oldin Forbes uning boyligini 4,7 milliard dollarga baholagan edi. Nashr mutaxassislari bu raqamni hisoblashda nafaqat ochiq savdodagi kompaniyalar aksiyalari, balki xususiy holdinglarning qiymatini ham inobatga olgan.

Birjalarda aksiyalar narxi pasayishni boshlagach, Trampning eng qimmat aktivi — Trump Media and Technology Group qiymati Forbes hisob-kitobiga ko‘ra 2,2 milliard dollardan 2 milliard dollargacha kamaygan.

Tramp, shuningdek, tijorat ko‘chmas mulkidagi ulushlarining qiymati pasayishi tufayli taxminan yana 90 million dollar yo‘qotgan. 

Ta’kidlanishicha, Trampning ko‘chmas mulk, kurortlar va ko‘ngilochar sanoatdagi ulushlari qiymati tushib ketgan. AQSh prezidentiga tegishli diversifikatsiyalangan obligatsiyalar va aksiyalarning qiymati ham tushgan. Bundan tashqari, Tramp o‘z daromadlarining bir qismini saqlab kelgani taxmin qilingan kriptovalutalar kursining tushishi ham unga moliyaviy zarar keltirgan. Trampning ushbu aktivlari, nashrning yozishicha, umumiy hisobda kamida 240 million dollar yo‘qotgan.

Mavzuga oid