Jamoatchilik fikri: ijtimoiy tarmoqdagi kommentlar real hayot in’ikosimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda xabar va yangiliklar ostida bildirilayotgan fikrlar mediada trendlarni belgilab, xabarlar tasmasini yaratmoqda. Lekin bugun yozilayotgan har bir izoh va munosabatni ham haqiqiy, shaxsiy fikr deb bo‘lmaydi.
Kun.uz tarmoqlardagi soxta «kommentatorlar» va trollar haqida suhbat o‘tkazdi. Unda qatnashganlar fikricha, bir hovuch odamlarning yozgani butun O‘zbekiston jamoatchiligi qarashi deb talqin qilinishi — noto‘g‘ri. Trollar esa omma fikrini burish, boshqarishga xizmat qilmoqda.
Sotsial tarmoqlar, odamlararo muloqot platformalari borgan sari rivojlanib, jamiyatda odamlarning fikrini boshqaruvchi rolga ega bo‘lmoqda. Bugun O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarga yaxshi biznes makoni va jamoatchilik fikri namoyon bo‘ladigan joy deb qaraladi. Media ham, bloger va jurnalistlar ham kun xabarlari tasmasini albatta ko‘zdan kechiradi, trendlar bilan hisoblashadi. Material va postlar ostidagi izohlar esa shu blog yoki sahifaning faolligini oshirish vositasi. Bundan tashqari, izohlar bilan ham muallif, kontent yaratuvchi ma’lum ma’noda hisoblashadi.
Biroq ana shu «komment»lar bugun jamoatchilik fikri, deya baholanmoqda. Kun.uz bilan suhbatlashgan ikki ekspert fikricha, postlar ostidagi 2-3 ming fikrlar butun O‘zbekiston aholisi qarashini ifodalamaydi. Bundan tashqari, yozilgan izohlarning hammasini ham real tarmoq foydalanuvchilari yozayotgani yo‘q. Trollar va trolling guruhlarini deb izohlar borgan sari soxtalashib bormoqda.
O‘zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja fikricha bu ko‘zga ko‘rinmas, lekin jiddiy xavf. Dunyoda mustaqil jurnalistika yo‘q, mikrofon ko‘targan kimki bor, manfaati uchun chiqadi, deydi u.
«Bizning shunday xavf kirib kelganini mensimaslikka, tan olmaslikka haqqimiz yo‘q. Odamlar material yoki postlarni ko‘rmaydi, lekin izoh yozadi. Chunki axborotni qabul qilishda muammolar bor. Biz boshlovchilarga ishonmaylik, dunyoda mustaqil jurnalistika yo‘q. Kimki chiqib mikrofonda gapiryaptimi, uning manfaati bor.
To‘g‘ri, har kim qanday bo‘lmasin fikrini bildirish huquqiga ega, absurd bo‘lsa ham. Lekin kimni eshitayotganimizga ham e’tibor beraylik. Muhokamada haqorat qilish, onasini so‘kish, uning oilasini gapirish – konstitutsiya, shaxs daxlsizligini buzish. Buning uchun jazolanishi kerak. Men rektor bo‘lib turib, OAV himoyachisi bo‘lsam ham, tuhmat qilgan boshlovchi-yu sharhlovchilarni jazolash tarafdoriman» – Sherzodxon Qudratxo‘ja, O‘zJOKU rektori, professor
Inson huquqlari faoli, «Ezgulik» jamiyati raisi – Abdurahmon Tashanov fikricha bugun sotsial platformalardagi trolling faollar va jamiyat hayotiga befarq bo‘lmay, o‘z tanqidiy fikrlarini emin-erkin bayon qiluvchilarni sazoyi qilish kampaniyasiga aylanib ketgan. Anonim foydalanuvchilar, botlar orqali anonim «komment»lar qoldirilmoqda. Ayniqsa faollar nimanidir gapirib chiqsa, ularning shaxsiyati, oilasiga yopishib, «kommentlar hujumi» uyushtirilmoqda, deydi Tashanov. Uning qo‘shimcha qilishicha, bundan manfaatdor kuchlar trollingni jilovlashga yo‘l qo‘ymayapti.
«Yerga suv quysangiz, birinchi begona o‘tlar o‘sib chiqqanidek, so‘z erkinligi davrida radikallar, shallaqilar ko‘payishi bu tabiiy hol. Shu radikalizmning bir qismi sifatida trollingdan foydalanuvchi arboblar ham shakllanadi.
Biz o‘tgan yili 20 dan ortiq jamoatchilik faollari turli huquqni himoya qilish organlariga ariza bilan murojaat qilganmiz, biroq javob olmaganmiz. Taxminlarimizga ko‘ra, O‘zbekistonda markazlashgan troll guruhlari ishlaydi. Maqsad aniq, ular faollarga osilib, o‘ziga yoqmaganlarni yomonotliq qiladi. Biz ko‘proq rosssiyaparastlarga yoqmaymiz, ularning ritorikasida G‘arbni qoralash va shunga o‘xshash gaplar bor» – Abdurahmon Tashanov.
Zamonaviy dunyoda axborotsiz yashash imkonsiz, inson kundalik hayoti davomida xilma-xil axborotlar bilan yuzlashadi. Lekin propaganda, dezinformatsiya, siyosiy og‘ishgan pozitsiyadagi, yolg‘on piarga asoslangan xabarlar va real ma’lumotni hamma ham bir-biridan ajrata olmaydi. Axboriy immunitet darajasi individual tartibda namoyon bo‘ladi.
Shunday sharoitda jamoatchilik fikrini boshqarish, asosiy masalalardan chalg‘itish, omma qarashini butunlay boshqa mavzularga burish – bugungi kunda siz-u biz to‘qnashayotgan reallik. Ya’ni bunda davlat, ma’lum siyosiy kuchlar, guruhlar, mafkuraviy jamoalar o‘z manfaatidan kelib chiqib, odamlar ichida muhokamalar paydo bo‘lsin uchun soxta mavzularni paydo qiladi va shu bilan soxta jamoatchilik fikrini yaratadi.
«Odamlar ovqat yeyishidan avval tayyorlanadi, axborotni olishdan avval ham bilimga ega bo‘lish, qayerdan o‘qiyotganini his qilish muhim», — deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Suhbat davomida O‘zJOKU rektori o‘zi bilan sodir bo‘lgan aniq fanlarni faqat shunga jiddiy qiziqqanlar o‘rgansin, ichki ishlar tizimi xodimlari Dubaydagidek eng zamonaviy markadagi mashinalarda yursin degan takliflari ortidan duch kelgan izohlar hujumiga to‘xtaldi.
«Xulosam shuki, ozgina mashhur bo‘lsangiz yoki ko‘rinib qolsangiz, sizni pastga tushirib qo‘yuvchi kuchlar bor ekan va ular ana shu trolling, soxta izohlardan foydalanishadi», deydi Qudratxo‘ja.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov fikricha, davlat organlari, amaldorlar, siyosatchilar va xalq o‘rtasida tizimli kommunikatsion muammolar bor. Ana shu omil mish-mish, ig‘vo, dezinformatsiya va keraksiz axborot tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.
«Masalan, parlament raisi, deputatlar yoki hukumatdan kimdir media bilan anjumanlar o‘tkazgani, xalqqa chiqib boshlang‘ich darajada bo‘lsa ham axborot berganiga kam guvoh bo‘lamiz. «Xitoyliklar ko‘payib ketdi», degan mavzuda ham xuddi shunday bo‘ldi. Odamlar kelajagidan xavotir olib gapirdi, biroq ularning savollariga javob beruvchilar jim turdi», — deydi A.Tashanov.
Suhbatdan xulosa shuki, mediamakonda biz duch kelayotgan turli muhokama, munozara, izohlar, munosabat — real hayotni to‘liq ifodalamaydi. Jamoatchilik fikri deyilganda esa faqat sotsial platformalardagi gaplarni asos qilib olish — bir tomonlama yondashuv hisoblanadi.
Suhbatning to‘liq variantini Kun.uzʼning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid

00:27 / 09.02.2025
Ijtimoiy tarmoqlar yolg‘izlikni kuchaytiradi - olimlar

19:33 / 01.02.2025
Turkiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi cheklanadi

20:16 / 29.01.2025
Kun.uz – O‘zbekistonda eng ko‘p iqtibos keltiriladigan OAV

00:16 / 03.01.2025