O‘zbekiston | 16:04 / 10.04.2025
3311
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler bilan uchrashdi

O‘zbekistonning Britaniya Global o‘zgarishlar instituti bilan amaliy hamkorligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 aprel kuni Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan uchrashdi.

O‘zbekistonning ushbu nufuzli tuzilma bilan amaliy hamkorligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Toni Bler Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va ko‘lamini yuksak baholadi, ularni yanada ilgari surish doirasida zarur ekspert-maslahat ko‘magini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Iqtisodiyot tarmoqlariga yirik strategik investorlarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etishni jadallashtirish, ustuvor sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hamkorlikning boshqa asosiy yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Toni Bler tomonidan 2016 yilda tashkil etilgan ushbu institut xalqaro notijorat tashkilot hisoblanadi. U turli mamlakatlarga barqaror va innovatsion rivojlanishning yangi modellarini ishlab chiqishda, iqlim o‘zgarishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda ko‘maklashadi.

Mavzuga oid