Si Jinping YeIni AQSh bojlariga qarshi kurashda Xitoy bilan birlashishga chaqirdi
XXR yetakchisi xalqaro qoidalar va tartibni saqlash uchun bir tomonlama tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish zarurligini ta’kidladi.

Foto: rednet
Xitoy Yevropa Ittifoqini ko‘p qutbli dunyodagi muhim siyosiy va iqtisodiy kuch sifatida ko‘radi hamda hamkorlikka umid qiladi. Bu haqda XXR yetakchisi Si Jinping Pekinda Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.
«Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘zlarining xalqaro majburiyatlarini bajarishi, iqtisodiy globallashuv tendensiyasini birgalikda himoya qilishi va xalqaro savdo muhitini asrashi lozim. Nafaqat o‘zining qonuniy huquq va manfaatlarini, balki xalqaro adolat va xolislikni himoya qilish hamda xalqaro qoidalar va tartibni saqlash uchun ham bir tomonlama tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish zarur», — dedi Si Jinping.
Xitoy yetakchisining ta’kidlashicha, XXR Yevroittifoqning birdamligi, rivojlanishi va o‘sishini ochiq qo‘llab-quvvatlaydi. Pekin har ikki tomon hamda xalqaro hamjamiyatga foyda keltirish maqsadida Xitoy va YeI o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga tayyor. Uning fikricha, bu uzoq muddatli istiqbolda har ikki tomon manfaatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa, suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilish masalalarida.
2024 yilda Xitoyning YeI bilan savdo aylanmasi 785,82 milliard dollarni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich XXRning AQSh bilan savdo aylanmasidan yuqori — o‘tgan yili bu 688,28 milliard dollarga yetgan.
10 apreldan boshlab Amerikaning Xitoy tovarlariga nisbatan bojlari 145 foizga qadar ko‘tarildi. XXRning AQSh importiga qarshi tariflari 104 foizni tashkil etmoqda.
Mavzuga oid

11:56 / 12.04.2025
YeI bolalar o‘yinchoqlarida qator kimyoviy moddalardan foydalanishni taqiqlayapti

21:31 / 11.04.2025
Xitoyda kuchli shamol sabab vazni 50 kilodan yengil aholiga ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilindi

19:30 / 11.04.2025
Tramp avjiga chiqmoqda: «Bojlar urushi»da AQSh Xitoyni yenga oladimi?

18:48 / 11.04.2025