Turizm sohasida yangi vazifalar belgilandi. Avvalgi topshiriqlar ijrosi qoniqarlimi?
9 aprel kungi yig‘ilishda davlat rahbari turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgilab berdi. Ayni paytda bu soha bo‘yicha yarim yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi vazifalarning katta qismi ijrosi kechikmoqda. Xususan, turizmning sanoat, geologiya, ilmiy, harbiy va davlat boshqaruvi turizmi kabi yangi turlari paydo bo‘lmadi, Paypal va Apple Pay kabilarning O‘zbekistonga kirishi ham hozircha amalga oshmay qolmoqda.

Foto: Pinterest
9 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hududlarining turizm salohiyatini oshirishga doir videoselektor o‘tkazdi. Yig‘ilishda O‘zbekistondagi sayyohlik biznesi bilan bog‘liq ayrim raqamlar keltirib o‘tildi, shuningdek, mas’ullarga bir qancha topshiriqlar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda turizm eksporti 3,5 milliard dollarga yetgan, o‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi 10 million kishidan oshgan. Hozirda turizmning O‘zbekiston iqtisodiyotdagi ulushini 2040 yilgacha 7 foizga, eksportni esa 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilmoqda.
Bu strategiya va turizmni rivojlantirish dasturlari doirasida, jumladan quyidagicha vazifalar qo‘yildi:
- «turizm halqasi»ga kirgan yo‘llarni ta’mirlash ishlarni boshlash;
- kapsulali uylar qurish va jihozlashni ko‘paytirish;
- tog‘li hududlarga piyoda chiqish (treking) uchun turfirmalarga sayyohlik marshruti ruxsatnomasini my.gov.uz portali orqali 10 kunda berishni joriy qilish;
- Ko‘rfaz davlatlari uchun joriy qilingan 10 kunlik vizasiz rejimni 30 kunga uzaytirish, Hindiston, Pokiston, Misr va eronlik sayyohlarga viza berishni yengillashtirish;
- Milliy turizm yagona platformasini ishga tushirishni tezlashtirish: unda chipta olish va elektron viza berish imkoniyatlarini yaratish;
- har oyning bitta shanba va yakshanbasini «oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish» kuni deb e’lon qilish, ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga yiliga 20 milliard so‘m ajratish;
- respublikaning barcha tarixiy obidalariga kirish imkonini beradigan «yagona turistik karta» joriy qilish va boshqalar.
Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda 2025 yilda xorijdan 15 million sayyohni jalb qilishni topshirdi.
Vazirlar Mahkamasining 6 oy oldingi qarori ijrosi nima bo‘ldi?
Ta’kidlash lozimki, turizm sohasini rivojlantirish borasida oldingi yillarda qabul qilingan bir qancha hujjatlar ijrosi kechikmoqda yoki umuman bajarilmay qolib ketmoqda.
Ayni vaqtda qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq yuzdan ortiq turli normativ hujjatlar mavjud. Ularning aksariyati amalda, lekin ijrosi borasida savollar bor. Masalan, bularning faqat bittasini – turizmning yangi turlarini joriy qilishga doir 582-sonli hukumat qarorini ko‘rib chiqamiz.
2024 yil sentabr oyida qabul qilingan bu qarorda 2025 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda turizmning yangi yo‘nalishlari: sanoat, geologiya, ilmiy, harbiy va davlat boshqaruvi turizmi yo‘lga qo‘yilishi kerak edi. Bu borada har bir vazirlik va idoralarga topshiriq berilgan.
Unga ko‘ra, Adliya vazirligi 1 yanvardan sayyohlarga hukumat bino va inshootlariga tashrifni o‘z ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi xizmatini, Mudofaa vazirligi o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlarni, Geologiya vazirligi esa konlar va tog‘ jinslarini portlatish tadbirlariga tashrifni yo‘lga qo‘yishi lozim edi. Lekin 3 oydan ko‘proq muddat o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonliklar uchun yangi bo‘lgan turizmning bu turlari yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Geologiya vazirligi 2024 yil dekabr oyida Navoiy viloyatidagi «Muruntau» koni, Toshkent viloyatidagi «Qalmoqir» koni bo‘yicha xavfsizlik va sanitariya-gigiyena qoidalari, tashrif tartibi va xizmat ko‘rsatish tizimi belgilab berilganini ma’lum qilgan edi. Lekin bu konlar atrofiga borib, portlatishlarni kuzatish mumkinligi haqidagi targ‘ibotlarga ko‘zimiz tushmadi.
Mudofaa vazirligi ham 2024 yil dekabr oyida Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida «Stendli otish» va o‘qotar qurollardan otishni pulli asosida yo‘lga qo‘yish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganni aytgan. Lekin hamon «barcha sharoitlar yaratilgan ushbu baza» fuqarolar uchun ochilmadi.
Turizm qo‘mitasi o‘tgan yili dekabr oyida Kun.uz'ga taqdim qilgan izohida «Adliya vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan boshqaruv hamda sanoat turizm yo‘nalishlari bo‘yicha 50 ga yaqin obektlar ro‘yxati shakllantirilgani»ni aytgan edi. Shuningdek, qo‘mita ushbu tashrif obektlariga 2025 yildan boshlab sayyohlarni qabul qilish va ekskursiya tashkil etish mumkin bo‘lishini bildirgan. Lekin jamoatchilik 3 oydan ko‘proq muddat o‘tgan bo‘lsa ham hukumat bino va inshootlariga tashrifni o‘z ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi yo‘lga qo‘yilganini ko‘rmadi.
Bundan tashqari, 582-sonli hukumat qarorida Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Turizm qo‘mitasiga xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari («Paypal», «AliPay», «UniPay», «Apple Pay», «Google Pay» kabi) bilan muzokara o‘tkazib, ushbu vositalarni O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulashni yo‘lga qo‘yish, zarur hollarda, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan edi.
Keyinroq, 2024 yil dekabr oyida Markaziy bank Kun.uz'ga taqdim etgan izohida shaxsga doir ma’lumotlar haqidagi qonunning bahsli moddasi sabab Apple va Google kompaniyalari o‘zlarining to‘lov tizimlarini O‘zbekiston bilan integratsiyalashni rad etayotganini bildirdi.
Lekin oradan 4 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan, prezident tomonidan bu borada yechim ishlab chiqish zarurligi aytilgan bo‘lsa-da, bu qonunchilik talablari hozircha qayta ko‘rib chiqilmayapti.
Turizmning yangi turlarini joriy qilish haqida sanalari aniq belgilangan Vazirlar Mahkamasining qarori bor, Turizm qo‘mitasining tartibi ham ishlab chiqilgan. Nima uchun mas’ullar belgilab qo‘yilgan vazifalar ijrosini paysalga solmoqda? Nazorat mexanizmlari nega oqsamoqda?
Savollar ko‘p, ammo javobi hozircha bizga qorong‘i.
Farrux Absattarov,
jurnalist
Mavzuga oid

16:37 / 09.04.2025
Prezident zamonaviy turizm marshrutlarini tashkil etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi

15:48 / 09.04.2025
«Sayyohlar yo‘llar ahvolidan norozi» - mutasaddilarga «turizm halqasi»ga kirgan yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ishlarni boshlash topshirildi

20:55 / 31.03.2025
KXDR ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar tufayli turizmni chekladi - OAV

12:07 / 29.03.2025