Jahon | 21:31 / 11.04.2025
6617
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda kuchli shamol sabab vazni 50 kilodan yengil aholiga ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilindi

Xitoyning shimoliy hududlarida dam olish kunlari tezligi soatiga 150 kilometrgacha yetadigan kuchli shamol kuzatilishi prognoz qilinmoqda.

Foto: Reuters

Xitoyning shimoliy hududlarida vazni 50 kilogrammdan kam bo‘lgan aholiga 13 aprelga qadar uydan ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilindi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, mintaqada juda kuchli shamol kuzatilishi kutilmoqda, rasmiylarning ogohlantirishicha, u yengil vaznli insonlarni «shunchaki uchirib ketishi» mumkin. Prognozlarga ko‘ra, shamol tezligi soatiga 150 kilometrga yetadi.

Ogohlantirish Xebey provinsiyasi, shuningdek, Pekin va Tyanszin shaharlariga tegishli. Ta’kidlanishicha, Pekin uchun so‘nggi o‘n yildagi birinchi marta bu kabi ogohlantirish berilmoqda.

Xitoy meteorologlari shamol kuchini 17 balli shkala bo‘yicha baholaydi. Dam olish kunlari kuzatiladigan shamol tezligi 11-13 ballga yetishi mumkin. O‘z navbatida bu «katta talafotlarni» yuzaga keltiradi.

Hukumat allaqachon mintaqada yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha sport tadbirlarini, jumladan, dunyodagi ilk bor tashkil etilishi kerak bo‘lgan odamsimon robotlar o‘rtasidagi yarim marafonni ham bekor qilgan.

«Mazkur dam olish kunlari hech qaysi ta’lim muassasalari ishlamaydi, bog‘lar, attraksionlar yopiladi, qurilish ishlari va poyezdlar harakatlari to‘xtatiladi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid