O‘zbekiston | 22:02 / 11.04.2025
7619
3 daqiqa o‘qiladi

Yuridik universitetning ikki o‘qituvchisi inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovni sudga berdi

Universitet o‘qituvchilari Razzoq Altiyev va Otabek Narziyev Facebookʼda e’lon qilingan post sababli huquq faoli Abdurahmon Tashanovni sudga berdi. Ular qadr-qimmati va ishchanlik obro‘yiga putur yetganini davo qilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida boshlangan protsessga OAV vakillari kiritilmadi, sud yopiq tarzda o‘tishi ma’lum qilindi.

Chapdan: Razzoq Altiyev, Abdurahmon Tashanov va Otabek Narziyev / Fotoko

Toshkent davlat yuridik universitetining ikki nafar professor-o‘qituvchisi, Razzoq Altiyev va Otabek Narziyev 2025 yil 28 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov tomonidan Facebookʼda e’lon qilingan «Sizga achinaman, janoblar!» nomli post sabab huquq himoyachisi ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi.

Gazeta.uz nashrining xabar berishicha, 11 aprel kuni mazkur ishni fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida sudya Bexzod Sagatov raisligida ko‘rib chiqish boshlangan.

Da’vo arizasida yozilishicha, Abdurahmon Tashanov tomonidan yozilgan post va unga yozilgan izohlarda Razzoq Altiyev va Otabek Narziyev hamda universitetning boshqa professor-o‘qituvchilarining qadr-qimmati kamsitilgan, ishchanlik obro‘yiga putur yetgan va haqoratli so‘zlar yozilgani qayd etilgan.

11 aprel kuni bo‘lib o‘tgan birinchi instansiya sudiga jarayonni yoritishga borgan qator OAV vakillari hamda jamoatchilik faollari, shuningdek, AQSh, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonalari hamda Yevropa ittifoqining mamlakatdagi delegatsiyasi vakillari ham sud zaliga kiritilmadi. Sud yopiq tarzda ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

«Ular doimiy ravishda Facebookʼdagi chiqishlarim haqida postlar yozib, meni «noprofessional», «xaypchi», «populist»likda ayblab kelishdi. Keyinchalik hamkasblarim va do‘stlarimning maslahati bilan ularning men haqimdagi turli fikrlariga nisbatan post yozishga qaror qildim. Yozganlarimda ularga nisbatan hech qanday haqoratli so‘zlar yo‘q edi. Keyin bu ikki o‘qituvchi postim bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritdi. Ularning ishchanlik obro‘yi, sha’ni va qadr-qimmati to‘kilgan emish, 200 million so‘m ma’naviy zarar ko‘rgan ekan», — degan Tashanov OAVga bergan intervyusida.

Da’vo arizasiga ko‘ra, professor-o‘qituvchilar — Razzoq Altiyev va Otabek Narziyev javobgar Abdurahmon Tashanovdan «Sizga achinaman, janoblar!» sarlavhali posti bo‘yicha raddiya e’lon qilish, uzr so‘rash va uni o‘chirib tashlash hamda ma’naviy zarar uchun 200 million so‘m undirishni talab qilmoqda.

Sud 14 aprel, dushanba kunigacha tanaffus e’lon qildi. 

Mavzuga oid