Jahon | 21:42 / 12.04.2025
6226
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng tez fuqarolik samolyoti uchishga tayyor

Global 8000 shu yil oxirida havoga ko‘tariladi va tovushdan tez Concorde layneridan keyingi eng tezkor fuqarolik samolyotiga aylanadi.

Foto: Bombardier

Kanadaning Bombardier kompaniyasi bu yil o‘zining yangi Global 8000 samolyotini ishga tushiradi, bu afsonaviy Concorde layneridan keyingi eng tez fuqarolik samolyotidir. Havo kemasining maksimal kruiz tezligi 0,94 Maxni (1152 km/soat) tashkil etadi, bu tovush tezligiga yaqin, deb yozdi IFLScience.

Global 8000 dunyodagi eng uzoq masofaga uchuvchi fuqarolik biznes-jyeti sifatida tanilgan Global 7500 samolyotining vorisi hisoblanadi. Yangi samolyot 19 yo‘lovchini tashishi va yonilg‘i quyishsiz qariyb 15 ming km masofani bosib o‘tishi mumkin. Yo‘nalishlar orasida Dubay, Los-Anjyeles, London, Singapur, Pert bor.

2021 yilgi sinov parvozida Global 8000 hatto tovush to‘sig‘idan oshib 1,015 Max (1253 km/soat) tezlikka erishgan edi, biroq bu tezlik tijorat parvozlarida qo‘llanilmaydi.

Innovatsiyalar orasida barqarorlikni ta’minlaydigan va turbulentlikni kamaytiradigan Smooth Flex qanoti va bosimni tartibga solish tizimi mavjud.

Bombardier texnik parametrlarga qo‘shimcha ravishda, qulaylikni alohida ta’kidlaydi: 12497 m balandlikda parvoz qilganda, kabinadagi bosim atigi 884 m balandlikka teng bo‘ladi. Bu yo‘lovchilarga sayohat paytida kamroq charchashiga yordam beradi.

Global 8000 fuqaro aviatsiyasining yangi davri ramziga aylanishi kutilmoqda. U so‘nggi 20 yil ichida birinchi marta faqat Concorde erishgan tovushdan tez standartga yaqinlashadi.