Piskentdagi avtomobil sinovining videosi tarqaldi. Mas’ullar “noto‘g‘ri talqin” bo‘layotganini aytmoqda
Autodeklarant kanali Piskentga olib borilgan kamida uchta avtomobil nomiga tekshirilgani yoki umuman tekshirilmasdan chiqarib yuborilganini aytib, video e’lon qildi. Texnik tartibga solish agentligi huzuridagi UzTest markazi video noyabr oyida olingani, hozirgi tekshiruvlarga aloqasi yo‘qligini aytib bayonot berdi. Rasmiy izohda shaffoflikni oshirish, masalan ichkaridagi jarayonni monitorlarda kuzatib turish imkonini yaratish haqida gap-so‘z yo‘q.

Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlardagi Autodeklarant kanali 11 aprel kuni Piskent avtopoligonida avtomobillar “qanday tekshirilishi” haqida video e’lon qildi.
Kanal muallifi Azizbek Berdiyevning so‘zlariga ko‘ra, “ichkarida hech nima tekshirilmaydi va [avtomobillar] vaqt o‘tkazib chiqarib yuboriladi”. UzTest markazi uning bu iddaosini rad etib, bloger ustidan tegishli organlarga shikoyat qilishini bildirdi.
E’lon qilingan video poligonga sinov uchun olib kirilgan avtomobillardan birining kamerasida olingan. Videoda uchta avtomobil markazga olib kirilganidan keyin, bir xodim uchala mashinani bir-bir telefonda suratga olib, ularning kapot qismiga nimanidir qo‘ygani, keyin eshigini ochgan holda avtomobil saloniga nazar tashlagani, so‘ng zal burchagidagi xonaga kirib ketib, bir necha daqiqadan keyin qaytib chiqqani va kapotga qo‘yilgan kichik elementni olib, avtomobilni tashqariga haydab chiqqani ko‘rinadi.
UzTest markaziga ko‘ra, bu videoda 2024 yilning noyabr oyidagi holat aks etgan bo‘lib, u hozirgi tekshiruvlar bilan “mutlaqo bog‘liq emas”. Shu bilan birga, davlat tashkiloti videodagi holatning hozirgi tekshiruvlarga aloqasi yo‘qligini ko‘rsatuvchi biror dalilni taqdim etmadi.
Ma’lumot uchun, poligonga mashinasini olib kelgan fuqarolar uchun ichkaridagi jarayonni kameralar orqali kuzatib turish imkoniyati yaratilmagan. Qolaversa, bir nechta mashina bir vaqtda olib kirilib, sanoqli daqiqalarda qaytarib chiqarilgan holatlar borligi avval ham shubha-gumonlarga asos bo‘lgandi.
Muassasa o‘z bayonotida “jamoatchilik fikrini chalg‘itishga qaratilgan mazkur lavhani noto‘g‘ri talqin qilgan holda keng jamoatchilikka tarqatgan bloger ishiga tegishli tartibda huquqiy baho berilishi”ni ma’lum qilgan.
UzTest'ning qo‘shimcha qilishicha, tegishli reglamentga asosan, O‘zbekistonga kirib kelayotgan transport vositalari elektromagnit mosligi bo‘yicha sinovlardan o‘tkazilishi belgilangan.
Avvalroq Piskentdagi markaz Leapmotor C16 rusumli avtomobilda hosil bo‘ladigan elektromagnit shovqin darajasini ruxsat etilganidan 16 barobarga yuqori deb baholagan, natijada Texnik jihatdan tartibga solish agetnligi Leapmotor brendi ostidagi barcha avtomobillarni sertifikatlash uchun arizalar qabul qilishni to‘xtatgan edi.
Xitoy kompaniyasi bunga javoban rasmiy tasdiqlangan standartlar asosida takroriy tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi. Leapmotor o‘z bayonotida bu tekshiruvning shaffof, adolatli va xolis o‘tishiga umid bildirgan.
Ayni mavzu kuni kecha Kun.uz studiyasida texregulyatsiya agentligi vakili ishtirokida kechgan podkastda qizg‘in muhokama qilingan edi.
Mavzuga oid

21:10 / 12.04.2025
Yakuniy energotariflar, Tahoe defitsiti va $50 milliardga yaqin zaxira - hafta dayjesti

22:40 / 08.04.2025
Importga cheklovlar: mas’ul va faollar o‘rtasida qizg‘in tortishuv

09:00 / 07.04.2025
2025 yil uchun eng ishonchli avtomobillar e’lon qilindi: ular orasida Tahoe ham bor

08:20 / 07.04.2025