Jahon | 08:03 / 12.04.2025
1570
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Trampni Ukrainaga xavfsizlik kafolati berishga ko‘ndirish rejasini tayyorlamoqda - Bloomberg

Yaqin haftalarda Yevropa davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampga Ukraina hududida harbiy kuchlarni joylashtirish bo‘yicha keng qamrovli rejani taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Foto: Credit: Omar Havana / The Telegraph

Bloomberg nashrining yozishicha, ittifoqchilar ushbu reja orqali Amerika rahbarini Ukrainaga xavfsizlik kafolati berishga ishontirishga umid qilmoqda.

Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili va uning fransiyalik hamkasbi Sebastyan Lekornyuning juma kuni ma’lum qilishicha, keyingi ikki haftada harbiy rahbarlar Yevropa boshchiligidagi «ko‘ngillilar koalitsiyasi» Ukraina havo fazosi, sohil hududlari va quruqlikda xavfsizlikni qanday ta’minlashi, shuningdek mamlakat qurolli kuchlarini qayta tiklash bo‘yicha harakat rejasini ishlab chiqadi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri arafasida bayonot berib, 200 nafar harbiy mutaxassislar tomonidan «yaxshi tayyorlangan» reja ishlab chiqilganini, unda Yevropa kuchlarining qanday ishlashi hamda Ukraina armiyasi qanday qilib «eng kuchli to‘suvchi kuch»ga aylanishi mumkinligi haqida aniq takliflar borligini aytdi.

Bu orada Yevropa ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha rahbari Kaya Kallas The Telegraph nashriga bildirishicha, «ko‘ngillilar koalitsiyasi» doirasidagi so‘nggi muzokaralar Ukrainada qanday tinchlikparvar missiya amalga oshirilishiga oid aniq yechim taqdim etmagan.

Uning ta’kidlashicha, turli mamlakatlar ushbu masalada turlicha qarashlarga ega va muzokaralar davom etmoqda.

Mavzuga oid