Fan-texnika | 20:00 / 13.04.2025
3873
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy uzluksiz 30 soatgacha parvoz qilishga qodir dronni taqdim etdi

Vodorod yonilg‘isida harakatlanadigan ushbu uchuvchisiz uchish apparatining og‘irligi 50 kilogrammga yetadi.

Foto: Aviation Industry Corporation of China

Xitoyning AVIC korporatsiyasi vazni 50 kilogrammga yetadigan yangi dron havoda uzluksiz parvoz qilish davomiyligi bo‘yicha rekord o‘rnatganini ma’lum qildi.

Dron AVIC’ning bir qismi hisoblangan Chengdu Aircraft Industrial Group Co korxonasi hamda Tsinxua universiteti hamkorligida yaratilgan.

AVIC bayonotiga ko‘ra, apparat boshqa bir uchuvchisiz uchish qurilmasi yordamida uchirilgan. Avtomobilga o‘xshash masofadan turib boshqariluvchi platforma vodorod dronning tezligini oshirib berishga xizmat qilgan. Rekord o‘rnatgan apparatning o‘z shassisi mavjud emas.

Kichik o‘lchamli dronlarda qo‘llanadigan an’anaviy litiyli batareyalar bilan taqqoslaganda vodorod energiya elementlari qator afzalliklarga ega. Ular energiyaning yuqori zichligini ta’minlaydi, uzoq muddat xizmat qiladi va harbiy maqsadlarda qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadigan kam issiqlik izi qoldiradi. 30 soatga qadar uzluksiz parvoz qilish orqali dron fuqarolik va harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan ko‘plab vaziyalarni uddalay oladi.

Xitoy vodorod yonilg‘i elementlarida harakatlanuvchi dronlar ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanmaydi. Bu turdagi dronlarni ishlab chiqarishda quyidagi kompaniyalar yetakchilik qilmoqda:

Doosan Mobility Innovation (Janubiy Koreya);

ISS Aerospace (Buyuk Britaniya);

Drone Works (Yaponiya);

Heven (Isroil).

Amerikaning AeroVironment kompaniyasi vodorod yonilg‘ida uchadigan dunyodagi birinchi dronni 2005 yilda taqdim etgan. Isroil-Amerika qo‘shma korxonasi Heven kompaniyasi ishtirokida AQSh floti va armiyasi uchun vodorodda harakatlanuvchi dronlarni ishlab chiqarishni boshlash niyatida.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil sentabrda AQShning EasyJet aviatashuvchi kompaniyasi JetZero startapi bilan hamkorlikda vodorod yonilg‘isida harakatlanuvchi, tijoriy parvozlarni amalga oshiradigan samolyotni ishlab chiqqandi.

Mavzuga oid