Harvard professorlari Tramp ma’muriyatini sudga berdi - gap 9 mlrd dollar haqida
Harvard universiteti professorlari AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ustidan sudga murojaat qildi. Ular ma’muriyatni universitetga bosim o‘tkazish va so‘z erkinligiga aralashishda ayblamoqda.

Foto: Newsweek
Reuters agentligining yozishicha, sudga da’vo arizasi Harvard o‘qituvchilari va AQSh universitet professorlari assotsiatsiyasi (AAUP) tomonidan berilgan. Ularga ko‘ra, hukumat yangi ma’muriyatning siyosiy qarashlarini oliy ta’lim muassasasiga majburan qabul qildirishga urinmoqda va moliyalashtirishdan mahrum etish tahdidini bosim vositasi sifatida qo‘llamoqda.
Davlat grantlari va shartnomalar ko‘rinishida taqdim etilgan taxminan 9 mlrd dollar mablag‘ qanday sarflanayotganini o‘rganish uchun bir vaqtda uchta idora — Ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va AQSh Bosh xizmatlar boshqarmasi tekshiruv boshlagan.
31 mart kuni Harvardga yuborilgan rasmiy xatda davlat qo‘llab-quvvatlovini saqlab qolish uchun amalga oshirilishi shart bo‘lgan bir qator talablar ko‘rsatilgan. Ular orasida — namoyishlarda niqob taqishni taqiqlash (bunday niqoblar ko‘pincha falastinparast namoyishchilar tomonidan taqiladi), inklyuziv dasturlarini qisqartirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish talablari bor.
Shuningdek, universitetda go‘yoki yahudiylarga qarshi kayfiyatni qo‘llab-quvvatlovchi ichki tuzilmalar qayta ko‘rib chiqilishi shartligi aytilgan.
Tramp ma’muriyati o‘z harakatlarini 1964 yilda qabul qilingan Fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi qonunning 6-moddasi bilan izohlamoqda. Ushbu modda davlat mablag‘ini oluvchi tashkilotlarda kamsitishga yo‘l qo‘ymaslikni talab qiladi.
Biroq Harvard o‘qituvchilari buni universitet siyosatini buzish va so‘z erkinligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish, deb baholamoqda.
«Hukumat norozilarning og‘zini boshqarish uchun moliyalashtirishni vosita sifatida ishlatishga haqli emas», — dedi huquqshunos va professor Endryu Krespo, u shuningdek da’vogarlar manfaatini himoya qiluvchi yurist sifatida ham ishtirok etmoqda.
Hozircha AQSh Adliya vazirligi ham, Harvard universiteti ham rasmiy izoh bermagan.
Bu orada Harvard 2,2 mlrd dollar grantdan mahrum bo‘lishi e’lon qilindi. AQSh Ta’lim vazirligi qoshidagi antisemitizmga qarshi bo‘lim Garvard universitetiga ajratilgan 2,2 mlrd dollarlik grantlarni muzlatdi. Bu qaror yahudiy talabalarni himoya qilish talablari va aksilisroil namoyishlar fonida qabul qilindi.
Mavzuga oid

13:29
Tramp nolegal migrantlarga «o‘zi ixtiyori bilan mamlakatni tark etish» dasturini e’lon qildi

13:03
AQSh Vengriya bosh vaziri apparati rahbariga qarshi sanksiyalarni bekor qildi

13:03
AQSh Ukrainaga harbiy yordam uchun «qarz» miqdorini uch barobarga kamaytirdi

11:06