Jahon | 16:09 / 15.04.2025
14362
11 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki Rog‘un GESini qayta tekshirmoqchi. Bunga ekspertlar fikri qanday?

Jahon banki Tojikistonning Rog‘un GES loyihalari qayta tekshirilishi haqida ma’lum qildi. Bunga o‘zbek va turkman fuqarolarining qo‘shma shikoyati sabab qilib ko‘rsatilgan.  Tashabbusni AQSh moliyalashtiradigan nodavlat tashkilot “Chegarasiz daryolar” qo‘llamoqda. Tashkilot vakillari Jahon bankidan GESning ekologik xavflarini qayta baholashni jiddiy so‘ragan. Tojikistonlik ekspert esa buni Markaziy Osiyo birligiga yana nifoq solishga urinish deya atadi.

Rog‘un GESi bugun Tojikiston uchun strategik ahamiyatga ega, uning qayta tekshirilishi, qurilish to‘xtashi yoki moliyalashuvning uzilishidan rasmiy Dushanbe manfaatdor emas. GES to‘g‘on tipida qurilmoqda va qurilishi tugallangach Rog‘un dunyodagi eng baland to‘g‘onga aylanadi. GES quriladigan hudud yuqori seysmik, ko‘chki va sel oqimlari zonasida joylashgani, to‘g‘on poydevori ostida tektonik yorig‘i borligi sabab xavfsizlik nuqtayi nazaridan tanqid qilib kelinadi.

Qurilish bugungacha bir necha marotaba to‘xtatilib, yana davom ettirilgan. Masalan, 2010 yilda GES qurish uchun aholidan pul yig‘ish katta norozilik kayfiyatini keltirib chiqargan va qurilish ma’lum muddatga to‘xtatilgan. So‘ngra Tojikiston Jahon banki moliyaviy yordami evaziga GES qurilishini davom ettirishga qaror qiladi. Biroq 2015 yilning avgust oyida O‘zbekiston hukumati ekspertlarning fikrini nomaqbul deb topib, bu GES qurilishiga rozi emasligini e’lon qiladi. Shunday qilib, O‘zbekistonning birinchi ma’muriyati davrida Tojikiston bilan aloqalarning sovuqlashishi va ikki davlat rahbarlarining bir-biridan yuz o‘girishi sabablari ro‘yxatida Rog‘un GESi masalasi ham bo‘lgan.

2016 yilda prezident Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekiston va Tojikiston aloqalar asta-sekin mutlaq normallasha boshladi. Bugungi ma’muriyat Rog‘un GESi qurilishiga qarshi kayfiyatda emas deya olamiz.

GESni qayta tekshirish shikoyatida kelishicha, Rog‘unning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavflari “katta” hamda “qaytarilmas” bo‘lishi mumkin. Da’vogarlar manfaatlarini “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi himoya qilmoqda. Bu tekshiruv GES loyihasi Jahon bankining ijtimoiy va ekologik standartlariga qanchalik mos kelishini aniqlab beradi.

Aholi shikoyatiga ko‘ra, Jahon banki Rog‘un GESni qurishga pul ajratish qarorini noto‘g‘ri baholash asosida qabul qilgan. Moliyaviy tashkilot eski va to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga tayangan, loyiha Amudaryo havzasidagi tabiat va odamlar hayotiga qanday xavf tug‘dirishini yetarlicha ko‘rsatmaydi, deyiladi nodavlat notijorat tashkiloti xabarida.

So‘rovda Rog‘un GESi qurilishi oqibatida Amudaryoga suv oqimi 25 foizgacha kamayishi va bu holat mintaqada ekologik falokatga olib kelishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan. Bunday o‘zgarishlar cho‘llanish va sho‘rlanishni kuchaytirib, O‘zbekiston va Turkmanistondagi 8-10 million aholining salomatligi va farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Rog‘un GES loyihasi o‘zining hozirgi tugallanmagan ko‘rinishida Markaziy Osiyodagi millionlab odamlarning ekologik barqarorligi va farovonligi uchun ulkan tahdid hisoblanadi. So‘rovning Inspeksiya kengashi tomonidan ro‘yxatga olinishi bizning xavotirlarimiz jiddiyligini tasdiqlovchi muhim qadamdir.

Jahon banki yetakchi xalqaro moliya instituti sifatida o‘zining ijtimoiy-ekologik standartlarini e’tiborsiz qoldira olmaydi va loyihani moliyalashtirishni davom ettirishdan oldin barcha xavf-xatarlarni har tomonlama va xolisona baholashni ta’minlashi shart” – Yevgeniy Simonov, “Chegara bilmas daryolar” ekologik koalitsiyasining xalqaro muvofiqlashtiruvchisi

Ekologlar ham quyidagi masalalardan xavotir bildirmoqda: Rog‘un GES loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmanistondagi aholining fikri inobatga olinmagan, loyiha haqida to‘liq ma’lumot, jumladan, favqulodda vaziyatlarda amalga oshiriladigan rejalar e’lon qilinmagan. Bundan tashqari, hujjatlar mahalliy tillarda — o‘zbek, qoraqalpoq va turkman tillarida taqdim etilmagan.

Shikoyat qilganlar ta’qibdan cho‘chib, o‘z shaxsini yashirishni so‘ragan. Bu mintaqada aholi fikrini eshitish mexanizmlari sust ishlayotganini ko‘rsatadi, deydi nodavlat tashkilot vakillari.

O‘zbekistonning hozirgi ma’muriyati o‘zaro aloqalarda GES qurilishini muammo qilmaydi. Ayniqsa, prezident Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik siyosati doirasida Tojikiston O‘zbekiston uchun ittifoqchi darajasidagi hamkorga aylangan. Mirziyoyev prezidentlikka kelarkan, Tojikistonga davlat tashrifi bilan borib, avvalgi qarashlar unut bo‘lgani va endi rasmiy Toshkent qo‘shnilari bilan faqat iliq munosabatlar tarafdori ekanini e’lon qilgan. Imomali Rahmon ham O‘zbekistonga safar qilarkan, bu do‘stlik yanada mustahkamlangan.

Tojikiston prezidenti GESning agregatlari ochilishida shaxsan qatnashadi, GES qurilishi bo‘yicha muzokaralarida esa tez-tez uning o‘g‘li Rustam Imomaliga ko‘zimiz tushadi. GESni qurish xuddi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun tish-tirnog‘i bilan qilayotgan harakatlariga o‘xshaydi.

GESning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavflari jiddiyligini bot-bot takrorlayotgan “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi o‘zi qanday tashkilot degan savol o‘rinli.

Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu nodavlat-notijorat tashkilot AQSh va Kanadaga tegishli. AQSh moliyalaydi, loyiha esa Kanadaniki. Ularning missiyasi sog‘lom atrof-muhit, biologik xilma-xillik va iqlim uchun xavflar o‘ta kuchaygan bir davrda favqulodda ekologik qadriyatlarni targ‘ib qilishdan iborat. 1999 yilda tuzilgan nodavlat tashkilot 2007 yilda hozirgi nomini olgan va AQShning turli shtatlarida o‘z ofislariga ega, Britaniyada ham jamoa ishlaydi.

Tashkilotga ko‘ra, Amudaryo quyi oqimidagi aholi o‘nlab yillar davomida suvdan noto‘g‘ri foydalanish hisobiga Orol dengizi qurib borishidan aziyat chekmoqda. Rog‘un GES bu holatni yana ham yomonlashtirib, muhim ekotizimlarning butunlay yemirilishiga va odamlar turmush sharoitining yomonlashuviga olib kelishi mumkin. 

“Hayoti daryoning holatiga bevosita bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston va Turkmaniston aholisi bilan to‘laqonli muloqotning yo‘qligi ishtirok va shaffoflik tamoyillarining jiddiy buzilishidir. Biz baholash yondashuvlarini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni va barcha manfaatdor tomonlarning haqiqiy ishtirokini ta’minlashni talab qilamiz” – Manana Kochladze, CEE Bankwatch vakili

Tojikistonlik siyosatshunos, mintaqaviy masalalar bo‘yicha uzoq yillik ekspert Ne’matullo Mirsaidovning fikricha, Rog‘un GESni qayta tekshirtirish – o‘ylab topilgan, sun’iy va provokatsion masala. Bu yerda uchinchi tomonning aralashuvi bor, deydi u.

“Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo davlatlarining aloqalari shu qadar yaxshiki, biror aniq muammoni ko‘rsata olmaysiz. Davlatlar rahbarlari doimiy ko‘rishadi, agar qanaqadir savollar tug‘ilsa, ular buni o‘zaro o‘sha zahotiyoq hal qila oladi. Rog‘un GESi atrofida esa yana o‘sha eski tarix, eski masala ko‘tarilyapti – xuddiki loyiha ekologik xavf degan. Nurek GESi qurilishi va 53 yil davomida uning benuqson ishlab kelishi allaqachon bu borada tajriba yetarliligini isbotladi. Ishlatilgan platinaga zilzila vaqtida hech narsa bo‘lmaydi, u eng mustahkami bo‘lib chiqdi, Bu tekshiruv sun’iy o‘ylab topilgan mavzu, xalqaro tashkilotlar orqali yana Markaziy Osiyo davlatlari orasiga nifoq solishmoqchi” - Ne’matullo Mirsaidov, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert

2024 yilda faol ekologlar Rog‘un GES loyihasini Jahon bankining ijtimoiy va ekologik standartlariga mos tarzda qayta ishlab chiqishni, shuningdek, dunyodagi eng baland to‘g‘on qurilishiga xavfsizroq va tejamliroq alternativlarni ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi. Biroq ma’lum bo‘lishicha, Jahon banki bu takliflarni ko‘rib chiqmagan.

“Tepada suv omborining bo‘lishi, aksincha, pastda joylashgan davlatlar uchun qutqaruvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Ularning iqtisodiyotiga bu loyiha aslo zarar keltirmaydi. Tekshiruv e’lon qilinishi – nafaqat sun’iy, balki provokatsion xarakterga ham ega. Bu yerda maqsad aniq – mintaqa davlatlari orasida yana muammo yaratish. Vaholanki, Tojikiston va O‘zbekiston bugun birodar davlatlarga aylandi, xalqlarimiz ham bir-birini sevadi, hukumatlar bir-birini tushunadi. Shundan kelib chiqib, Rog‘un GESi har qanday vaziyatda ham qurilishi kerak, u Tojikiston qatori O‘zbekistonga ham xizmat qiladi” - Ne’matullo Mirsaidov, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert

“Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi Jahon banki va Rog‘un GES qurilishida ishtirok etayotgan boshqa moliyaviy institutlarni, so‘rovda ko‘tarilgan barcha masalalarni mustaqil, shaffof va keng qamrovli tergov o‘tkazilgunga qadar, loyihani moliyalashtirishni to‘xtatishga chaqirmoqda. Shuningdek, loyiha keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirlarning oldini olish va yumshatish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqilishi lozimligi ta’kidlanyapti.

Eslatib o‘tamiz, GES loyihasini qayta tekshirish mavzusi O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonning chegara bo‘yicha mutlaq kelishuvga erishishi, mintaqadagi azaliy muammolar to‘la barham topayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbek va turkmanlarning shikoyat qilgani borasida esa mahalliy matbuotda xabarlarga duch kelmaysiz. Bundan tashqari, Rog‘un GESining borligi va qurilayotgani bugun respublikalar aholisini o‘ylantiradigan asosiy mavzular qatorida ham bo‘lmasa kerak.

Mavzuga oid