Jamiyat | 17:46 / 15.04.2025
18954
11 daqiqa o‘qiladi

Jonni xatarga qo‘yib... “Oshqozon”siz ozish orzusi haqida

Oxirgi vaqtda ommalashayotgan oshqozon kesish operatsiyalari bloger Kokosh va undan avvalroq aktrisa Halima Ibragimova bilan bog‘liq holatlarda ayanchli oqibatlarini ko‘rsatdi. Kun.uz bu amaliyotning xatarlari, psixologik sabablari va oqibatlarini o‘rgandi.

Bugun ortiqcha vazndan xalos bo‘lib, og‘ir operatsiya orqali bo‘lsa-da chiroyli qomatga ega bo‘lish urfga aylandi. Bu esa “ozdirish biznesi”ni keltirib chiqardi. Instagramʼda diyetologiya va kosmetologiya kurslari, ozdiruvchi dorilar biznesi millionlab daromad keltirmoqda. Reklamalarda buning faqat yorqin tarafi ko‘rsatiladi. Uning xatarlari, psixologik sabablari va oqibatlari haqida bilmaymiz. Yaqinda vayner Kokoshning operatsiyadan keyingi holati, undan avvalroq aktrisa Halima Ibragimovaning o‘limi bu haqida jiddiy o‘ylashga majbur qiladi.

Taniqli shaxslar bilan kelib chiqqan bu muammo oddiy odamlar orasida ham bor. Kun.uz shunday operatsiyani boshdan kechirgan ikki nafar ayol bilan bog‘landi.

Dilorom, 32 yoshda.

Operatsiya qildirganiga: 1,5 yil bo‘ldi.

“Umrim mobaynida o‘zimni yomon ko‘rib yashadim. Hamma meni ‘bo‘g‘irsoq’ deb atagan. Turmush qurdim, farzandli bo‘ldim, lekin ko‘nglimda doim o‘sha og‘riq bor edi. Bir kuni Instagram’da bir blogerni ko‘rdim — “oshqozon operatsiyasi”dan keyin qanday o‘zgarganini ko‘rsatgan. Shu zahoti qaror qildim: men ham shunday bo‘lishim kerak!

Operatsiyadan keyin hayotim keskin o‘zgardi. 30 kilogrammga ozdim. Lekin... men o‘zimni hali ham yaxshi ko‘ra olmadim. Qo‘rquv, tushkunlik, ovqatdan qochish — har kuni men bilan birga. Endi tushunyapman — muammo vaznimda emas, o‘zimni qabul qilmaganimda ekan”.

Aziza, 27 yoshda.

Operatsiya qildirganiga: 8 oy bo‘ldi.

“Men reklama kompaniyasida ishlayman. Ishga olishganda birinchi savol shunday bo‘lgan: “ozish niyatingiz bormi?” Shu savoldan keyin o‘zimni juda noqulay his qildim, negadir miyamga shu narsa o‘rnashib oldi. Keyin operatsiyaga pul to‘play boshladim. 2024 yil fevralda operatsiya qildirdim. Ilk oylarda o‘zimni ajoyib his qildim. Ozdim, ideal qomatimga ko‘ylaklar mos kela boshladi. Lekin keyin... jigarim yaxshi ishlamay qoldi. Temir yetishmovchiligi. Shamollashdan boshim chiqmay qoldi. Ishonasizmi, kun davomida qaysi vitaminimni qaysi paytda ichishim kerakligini o‘ylab yuraman. Chunki shuni ichmasam, mazam qochadi. O‘ylab qolaman – erkin yashashimga nima xalal berayotgan edi oldin deb. Har narsaning narxi bor ekan. Meniki — sog‘lig‘im bo‘ldi”.

Ijtimoiy tarmoqlarda ozdiradigan plastik operatsiyalarning juda kuchli reklamasi ketyapti”

Murod Hakimov, Toshkent tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri, professor

“Ayni paytda O‘zbekistonda bariatrik va metabolik xirurgiyaga aniq tasdiqlangan chegaralar yoki standartlar mavjud emas. Hozirgi mavjud standartlarda tana vazni indeksi 40 dan yuqori bo‘lsa, jarrohlik amaliyotiga ko‘rsatma berish mumkin. Lekin bemordagi ortiqcha vazni uning yashash tarziga, ish faoliyatiga ta’sir qilmaydi, qon bosimi, qand miqdori, xolesterin me’yorida bo‘ladi. Bunda ortiqcha vazn fiziologik norma sanaladi.

Tana indeksini hisoblash oson: insonning bo‘yidan 100 ni olib tashlansa, tana vazni indeksi kelib chiqadi. Masalan, bo‘yi – 160 sm, vazn 60 kg bo‘lishi kerak.

Achinarlisi, xalqimiz bu jarrohlik amaliyotining qora, manfiy tomonlaridan xabarsiz. Ko‘pchilik ozdiradigan plastik operatsiyalar haqida ijobiy ma’lumotga ega. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda bu yo‘nalishning juda kuchli reklamasi ketyapti. Reklama 100 foiz haqiqat emas, unda kamchiliklar ko‘rsatilmaydi. Kamchilikni biz jarrohlar aytamiz. Ijtimoiy tarmoqning ta’siri katta bo‘lgan joyda afsuski, shifokorlar buni xalqqa yetkazib bera olmayapti yoki xohlamayapti.

Ko‘p jarrohlar bariatriya bilan shug‘ullangisi keladi. Bunga maxsus tajriba, talab bo‘lishi kerak. Hozirgi kunda bu bilan shug‘ullanaman degan shifokorga aniq talab yo‘q: ma’lum muddat tajriba, operatsiya degan. Sertifikati, malakasi bo‘yicha. Tushuncha yo‘q. Shularning hisobiga xaos bo‘lyapti.

Semizlik aslida endokrinologik kasallik, ya’ni modda almashinuvi buzilishi oqibatida yuzaga keladi. Bu amaliyotga ko‘rsatmani jarroh emas, endokrinolog, diyetolog, psixonevrolog qo‘yishi kerak”.

Professor hozirgi yuzaga kelayotgan asoratlarda multidissiplinar yondashuv, ya’ni bir nechta mutaxassisning birgalikdagi yondashuvi yo‘qligi sabab ekanini aytdi.

O‘zbekistonda bu operatsiyalar yil sayin ko‘payib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi Instagram standartlari va “ideal qomat” muammosi bilan operatsiya ilinjida kelishadi. Shifokorlar buni “asossiz operatsiya” deb atashadi. 2020 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasining o‘zida bir yilda 100 ga yaqin operatsiyalar o‘tkazilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu raqam 400 ga yetgan. Ularning orasida 30-40 foiz bemorlar operatsiyaga asos yo‘qligi sabab qaytariladi.

Operatsiyagacha olib kelish kerak emas”

Zuhra Soliyeva, aktrisa

“Menda ehtiyoj bo‘lgan – bariatriya operatsiyasini boshdan o‘tkazganman. Organizmimda endokrin gormonlarim buzilib, kundan kunga sog‘lig‘im yomonlashgani sabab operatsiya shart bo‘lgan. Juda sinchkovlik bilan shifokor tanlaganman, reklama evaziga taklif qilishgan ko‘p klinikalar.

Avvalo inson organizmini o‘sha operatsiyagacha olib kelishi kerak emas. Sekin qadam bosib, tabiiy yo‘l bilan boshlash kerak. Agar bu foyda bermasa, keyin jarrohlik amaliyoti haqida o‘ylash kerak. O‘zim hammasini sinab ko‘rdim: to‘g‘ri ovqatlanish, sport zalga borish, suzish. Lekin 100 gramm ham ozmasdim. Keyin bilsam, gormonlarim buzilib bo‘lgan ekan, buzilish jarayonida bo‘lsa qutqarish imkoni bo‘lardi, deyishdi.

Bu amaliyotga borishdan avval inson o‘z organizmini o‘zi o‘rganib borishi kerak. Boshqa odamda yaxshi kechgan amaliyot sizda yaxshi kechmasligi mumkin. Shifokor aynan shu jarrohlikni qanday bajargan, shifoxona hamma texnikalar bilan ta’minlanganmi, bemorlarning fikri qanday – hammasini o‘rganib chiqib, keyin borish kerak”.

Dunyo tibbiyotida ham bu yo‘nalishda xaos kuzatilgan. Hatto kosmetologlar tomonidan o‘tkazilgan operatsiyalar aktrisa va modellarning o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu holatlar ommaviy axborot vositalarining plastik operatsiyalarga nisbatan tanqidlarini kuchaytirishga, shuningdek, mutaxassislar litsenziyasini tekshirishni kuchaytirishga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, estetik xirurgiya ommalashgan mamlakatlarda (masalan, Janubiy Koreya va AQShda) vrachlarning malakasini oshirish va bunday protseduralar uchun xavfsizlik talablarini mustahkamlash bo‘yicha talablar kuchaytirildi.

Bunday riskka ketish o‘zi noto‘g‘ri”

Jahongir Jo‘rayev, anesteziolog-reanimatolog, Kuvaytdagi Jaber Al Ahmad hospital shifoxonasi

“O‘zbekistonda yoki Amerikada bo‘lishidan qat’i nazar, har bir bemor operatsiyaga kirishida ma’lum risk bilan kiradi. Mamlakatning tibbiyot imkoniyatlariga qarab bu risk kam yoki ko‘p bo‘lishi mumkin. Bu risk kasalxona tibbiy anjomlar bilan ta’minlangani, shifokorlar malakasi bilan bog‘liq. Shifokorga bog‘liq bo‘lmagan risklar bor: infeksiya tushish ehtimoli. Hamma narsa sterillangan bo‘lgan taqdirda ham infeksiya tushib qolish ehtimoli bor. O‘z qomatini chiroyli ko‘rinishga keltirmoqchi bo‘lgan bemor shu risklarga rozi bo‘lib kiradi. Odatda sog‘ligi sababli operatsiya qildirayotgan semiz bemorlar qandli diabetga chalingan, vazni 120-150 kg. Bu unga zarar yetkazyapti, og‘irlik sababli hansirash, yurak ishlash funksiyasi buzila boshlaydi. Bo‘g‘imlar og‘irlikni ko‘tara olmaydi, umurtqa pog‘onasida churralar chiqishni boshlaydi. Bu vaziyatlarda operatsiya qilish kerak bo‘ladi. Shundayam operatsiyani eng oxirgi vaqtga qoldirish kerak.

O‘zbekistonda shunaqa vaziyatlarni ko‘rdim. Bemor 90-96 kg, oshqozoni operatsiya qilinyapti – shunchaki bemorning “semizman, ozishni xohlayman” degani uchun. Bunday riskka ketish o‘zi noto‘g‘ri. Bu yerga 10 yil oldin kelganimda oshqozon kesish operatsiyalari ancha oldin boshlangan edi. Hozir e’tibor bersam, kamayib boryapti, tahlil qilinsa, operatsiya o‘rnini bosuvchi boshqa dorilar chiqdi. Bu dorilar ham hali to‘liq yo‘lga qo‘yilmadi, tekshiruvlardan o‘tib, butun jahon tibbiyoti bo‘yicha tasdiqlanmagan”.

Jamol Dehqonov, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi metabolik va bariatrik jarrohlik bo‘limi mudiri

“Og‘irlik nuqtai nazaridan bu jarrohlik amaliyoti kichik jarrohlik amaliyoti emas. Bu appenditsit yoki churra emas. Bu murakkab jarrohlik amaliyoti turlariga kiradi. Bemorlar buni qanchalik murakkab ekanini tushunishlari kerak. Biz xursand bo‘lardikki, estetika, chiroyli bo‘lish uchun emas – sog‘lom bo‘lish uchun murojaat qilishsa. Bunda sog‘lom hayot tarzi, sport bilan muntazam shug‘ullanish va imkon qadar tabiiy yo‘llar bilan ozishga erishish kerak. Bularning natijasi bo‘lmagan hollardagina ko‘rsatmalarga rioya qilib, psixologik jihatdan tayyor bo‘lib jarrohlik stoliga yotish kerak”.

Bugun ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa Instagramʼda minglab ozish kurslari, marafonlar e’lon qilinadi. Jismoniy-fiziologik imkoniyatlari turlicha bo‘lgan insonlarning bariga bir xil parhez, ozish usullari taklif etiladi. Turli ozdiruvchi dorilar savdosi avjida. Kun.uz bu mavzuga yana qaytadi.

Mavzuga oid