Jahon | 13:03
891
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Vengriya bosh vaziri apparati rahbariga qarshi sanksiyalarni bekor qildi

AQSh ma’muriyati Vengriya bosh vaziri apparati rahbari Antal Roganni qora ro‘yxatdan chiqardi. Jo Bayden davrida u "Global Magnitskiy qonuni" bo‘yicha korrupsiyani rag‘batlantirishda ayblangan.

Foto: REUTERS

AQSh hukumati Vengriya bosh vaziri apparati rahbari Antal Roganga qarshi sanksiyalarni bekor qildi. Bu haqda 15 aprel, seshanba kuni AQSh Davlat departamenti saytida xabar berildi.

Xabarga ko‘ra, davlat kotibi Marko Rubio shaxsan Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoga qo‘ng‘iroq qilib, unga «Vengriyaning yuqori martabali amaldori Antal Rogan AQSh Moliya vazirligi qora ro‘yxatidan chiqarilgani haqida ma’lumot berib, uning bu ro‘yxatda qolishi AQSh tashqi siyosati manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan».

Rogan 2015 yildan beri Viktor Orbanning apparati boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Bayden ma’muriyati uni 2025 yilning 7 yanvarida, hokimiyat Donald Trampga o‘tishidan bir necha kun oldin sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan edi.

Rogan korrupsiyani rag‘batlantirgani uchun «global Magnitskiy qonuni» bo‘yicha cheklovlarga duchor bo‘lgan. Budapesht bu choraga e’tiroz bildirishini e’lon qilgan.

Mavzuga oid