Jahon | 21:48 / 16.04.2025
4945
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Ukrainadagi urush ortidan 20 mlrd dollarga yaqin daromad ko‘rdi - Janubiy Koreya

Janubiy Koreyaning Mudofaa tadqiqotlari instituti hisobotiga ko‘ra, Pxenyan eng katta daromadni qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berishdan olgan - 19,2 mlrd dollar.

Foto: KCNA

KXDR Rossiyaga Ukrainadagi urush uchun qurol-yarog‘ yetkazib berish orqali taxminan 20 milliard dollar ishlab oldi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Mudofaa tadqiqotlari instituti (KIDA) hisobotida so‘z boradi.

Hisobotga ko‘ra, KXDR eng katta daromadni qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berishdan olgan — 19,2 milliard dollar. Pxenyan, shuningdek, texnologiyalarni topshirishdan 630 million dollar, harbiy xizmatchilarni yuborishdan esa 280 million dollar ishlab olgan.

Janubiy Koreya tadqiqotchilari o‘z baholashlarini KXDR faqat dengiz yo‘li orqali Rossiyaga yuborgan 21 ming konteyner qurol va o‘q-dori haqidagi ma’lumotdan foydalangan.

Shimoliy Koreya askarlarining joylashtirilishidan tushgan daromadni hisoblashda esa institut KXDRdan yuborilgan 11 ming nafar harbiyga oylik maosh va bir martalik mukofot puli to‘layotgani haqidagi ma’lumotlarga asoslangan. Hisobotda aytilishicha, Pxenyan pullarni harbiylarga yuborishdan oldin ularning bir qismini ushlab qoladi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Rossiya armiyasi tomonidan ishlatilgan o‘q-dorilarning taxminan 50 foizi KXDRdan yetkazib berilgan.

Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlik to‘g‘risida 2023 yilda ma’lum bo‘lgandi — o‘sha vaqtdan boshlab Shimoliy Koreya ilk snaryadlarni yetkazib berishni boshlagan. 2024 yil yozda mamlakatlar keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini imzoladi. Shimoliy Koreya o‘q-dorilardan tashqari frontga bir necha ming harbiy xizmatchisini ham yuborgan.

Mavzuga oid