Jahon | 14:05 / 16.04.2025
1334
2 daqiqa o‘qiladi

Sudan: RSF muqobil hukumat tashkil etilishini e’lon qildi

Tezkor harakat kuchlari (RSF) Sudanda muqobil hukumat tuzilishini e’lon qildi. RSF rahbarining so‘zlariga ko‘ra, gap «parallel davlat» haqida emas, balki Sudan uchun «yagona mumkin bo‘lgan kelajak» haqida ketmoqda.

Foto: AFP

Sudanda fuqarolar urushi boshlanganidan ikki yil o‘tib, harbiy xuntaga qarshi bo‘lgan Tezkor harakat kuchlari (RSF) mamlakatda muqobil hukumat tashkil etilishini e’lon qildi. Bu haqda RSF yetakchisi Muhammad Hamdan Dagaloning 15 aprel, seshanba kuni Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotida aytilgan.

«Biz tinchlik va birdamlik hukumati – Sudanning asl qiyofasini aks ettiruvchi keng koalitsiya tashkil etilganini faxr bilan e’lon qilamiz», — dedi Dagalo Sudan xalqiga olti sahifalik murojaatida. Hujjatda gap «parallel davlat» yaratish haqida emas, balki Sudan uchun «yagona mumkin bo‘lgan kelajak» haqida ketayotgani ta’kidlangan.

Xususan, Dagalo rahbari «yangi valuta» va «yangi shaxsiy guvohnomalar» chiqarilishini e’lon qildi. Dagaloning so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumat «mamlakat bo‘ylab» asosiy davlat xizmatlarini, jumladan ta’lim, sog‘liqni saqlash va adliya tizimini ta’minlaydi.

Sudanda RSF hamda qo‘mondon va O‘tish davri suveren kengashi rahbari general Abdel Fattoh al-Burxon boshchiligidagi Sudan armiyasi o‘rtasida ikki yildan beri hokimiyat uchun qonli kurash davom etmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro allaqachon o‘n minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va 12 milliondan ortiq kishi uy-joyini tark etgan. Har ikki tomon — armiya va RSF — urush jinoyatlarini sodir etishda ayblanmoqda.

Mavzuga oid