Jahon | 12:00 / 17.04.2025
1192
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy AQSh bilan muzokaralar muvaffaqiyati to‘g‘risida gapirdi

Ukraina va AQSh iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv yuzasidan olib borilgan muzokaralarda yaxshi natijalarga erishmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining an’anaviy kechki murojaati davomida ma’lum qilgan.

Foto: Ukraina prezidenti rasmiy sayti

«Bugun birinchi vitse-bosh vazir Sviridenko bu haqda hisobot berdi. Asosiy yuridik masalalar deyarli kelishib olindi. Agar shunday tez va konstruktiv tarzda harakat qilish davom etsa, bu kelishuv Ukrainaga ham, Amerikaga ham samarali iqtisodiy natijalarni taqdim etadi», — dedi Zelenskiy.

Fevral oyida Ukraina va AQSh nodir yerosti resurslari bo‘yicha ramkali kelishuvni imzolashni rejalashtirgan edi. Ammo 28 fevral kuni Oq uyda Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasida yuz bergan ziddiyat tufayli bu amalga oshmadi.

Shundan so‘ng AQSh tomoni foydali qazilma boyliklar qazib chiqarishni o‘z ichiga olgan yangilangan kelishuv loyihasini yubordi. AQSh moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, yangi hujjat to‘laqonli kelishuv hisoblanadi. Buni Zelenskiy ham tasdiqladi.

Ayni paytda AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiy go‘yoki nodir yer metallari to‘g‘risidagi kelishuvdan voz kechmoqchi ekanini bildirgan edi. Ammo bundan so‘ng Vashington va Kiyev o‘rtasida texnik muzokaralar o‘tkazildi.

Shuningdek, Ukraina vitse-bosh vaziri, iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko bugun AQSh bilan yerosti boyliklari bo‘yicha kelishuv muzokaralarida muhim ilgarilash haqida ma’lum qildi. Bu Ukraina tiklanishi uchun investitsiya jamg‘armasini yaratishni ham o‘z ichiga oladi.

Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Taras Kachkaning ta’kidlashicha, Ukraina va AQSh nodir yer metallari bo‘yicha kelishuv ustida ish olib bormoqda. Tomonlar shu hafta muzokaralar bo‘yicha oraliq natijani belgilashga intilmoqda.

«Biz yutuqlarimizni yozma ravishda aks ettirish uchun qo‘shma bayonot yoki niyatlar memorandumini rasmiylashtirmoqchimiz. Bu muhim, chunki jamoatchilikda ko‘p savollar bor, savollar ko‘p bo‘lsa — turli mish-mishlar ham paydo bo‘ladi... Shuning uchun biz bugunoq hatto biror hujjat imzolanishiga ham umid qilyapmiz», — dedi u.

Mavzuga oid