Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha o‘tkazilgan tender g‘olibi aniqlandi
Urganch xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tenderning barcha bosqichlari yakunlandi. Tanlov natijasida Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya) g‘olib deb topildi.

Foto: Uzbekistan Airports
2024 yilning 1 avgustida «Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish» loyihasini «Qurish-boshqarish-topshirish» bo‘yicha ochiq tender e’lon qilingan edi, tanlov ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi: malaka so‘rovi va takliflar so‘rovi. Tenderda sakkizta kompaniya ishtirok etdi, ulardan beshtasi ikkinchi yakuniy bosqichga o‘tdi, shundan so‘ng idoralararo tender komissiyasi g‘olibni aniqladi.
DXSh loyihasi aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi. Xususiy sherik yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish va boshqarish, shu jumladan yerda xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshiradi. Davlat sherigi aerodrom majmuasini qurish va boshqarish (uchish-qo‘nish yo‘lagi, perron) uchun javobgarlikni o‘ziga oladi. Loyihaga ko‘ra keyingi qadam, 19 yillik konsessiya muddatini o‘z ichiga olgan DXSh shartnomasini tuzish bo‘ladi.
«Ochiq tender e’lon qilingani yirik xalqaro aeroport kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tanlov g‘olibi bo‘lgan Incheon xalqaro aeroporti nafaqat Koreya Respublikasining asosiy havo darvozasi, balki Shimoliy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik transport markazlaridan biri bo‘lib, u bir necha marotaba dunyoning eng rivojlangan va gavjum aeroportlari 10 taligiga kirgan. 2024 yil yakunlari bo‘yicha aeroport 70 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Urganchdagi loyihani amalga oshiradigan jamoa Xorazm aeroportini yo‘lovchilar uchun eng zamonaviy va qulay aeroportlardan biriga aylantirib, mintaqaning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishiga va umuman, O‘zbekiston aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonamiz» — deya izoh berdi Uzbekistan Airports kompaniyasi.
Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi prezident qarori ijrosi doirasida Uzbekistan Airports tomonidan Transport hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Mavzuga oid

23:08 / 11.04.2025
Yaponiyadagi sun’iy orollarda joylashgan aeroport dengiz ostiga g‘arq bo‘lishi mumkin

21:00 / 11.04.2025
Dunyoning eng yaxshi aeroportlari reytingi e’lon qilindi

16:04 / 26.03.2025
Shahrisabz aeroporti faoliyatini tikladi

08:09 / 22.03.2025