O‘zbekiston | 13:02
1944
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillarning noqonuniy ijarasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha deputat so‘rovi yuborildi

Transport vaziri Ilhom Maxkamov va Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovdan bir qancha masalalarga oydinlik kiritish so‘ralgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasi transport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshirish holatlari va buning oqibatida kelib chiqayotgan og‘ir holatlar yuzasidan jiddiy tashvish bildirib, Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga deputat so‘rovi bilan murojaat qildi.

Fraksiya a’zosi Dilmurod Ismoilov tomonidan yuborilgan so‘rovda ayrim «tadbirkorlar» inson hayoti va sog‘lig‘idan o‘z manfaatlarini ustun qo‘yib, belgilangan qoidalarni chetlab o‘tayotganiga» e’tibor qaratilgan.

Qayd qilinishicha, transport vositalarini ijaraga berish faoliyati bilan faqat qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar shug‘ullanishi va ijarachidan, albatta, tegishli haydovchilik guvohnomasi taqdim etilishi shart.

Biroq, amalda bu talablarga har doim ham rioya etilmayapti. Bunga misol sifatida so‘nggi kunlarda Namangan viloyatida yuz bergan bir qator ayanchli hodisalar keltirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bir qancha telegram guruhlari orqali yuqoridagi qaror talablariga zid ravishda, hatto voyaga yetmagan va transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarga ham avtomobillar ijaraga berilmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, og‘ir yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, 2024 yil 2 oktabr kuni Namangan shahrida noqonuniy ijaraga berilgan Gentra avtomashinasi ishtirokidagi YTH oqibatida 3 nafar o‘smir hayotdan ko‘z yumgan.

Shu munosabat bilan, Transport vaziri Ilhom Maxkamov va Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovdan quyidagi masalalarga oydinlik kiritish so‘ralgan:

Birinchidan, avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshiruvchi shaxslarni barvaqt aniqlash borasida qanday ishlar qilinmoqda?

Ikkinchidan, aniqlangan qonunbuzarlarga nisbatan qanday choralar ko‘rilmoqda?

Uchinchidan, bu kabi huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

To‘rtinchidan, mazkur masala yuzasidan vazirlarning shaxsiy nuqtai nazari qanday?

Mavzuga oid