Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Donald Tramp sabab oxirgi vaqtlarda dedlayn degan so‘zni tez-tez ishlatyapmiz. Avvallari bu so‘zni faqat futbol menejer o‘yini uchun tarkibni yangilash oldidan ishlatardik. Dedlayn inglizcha so‘z bo‘lib, biror ishni bajarish uchun belgilangan eng oxirgi muddat degani. Masalan, futbol menejer o‘yinida belgilangan dedlayngacha tarkibni yangilashga ulgurmasangiz, imkoniyatingiz kuyadi, sizga hokimiyatdagi amakingiz ham yordam berolmaydi. Biroq Trampning dedlaynlari bunaqa jiddiy bo‘lib chiqmadi. Butun boshli Amerika prezidenti belgilagan muddat oddiy virtual o‘yindagi muddat kabi ham bo‘lolmayapti.

Bir kun, uch kun, yuz kun...
Tramp saylov kampaniyasi vaqtidayoq prezident bo‘lsa, inauguratsiyadan bir kun o‘tib, sevimli shakarsiz kola chaqiradigan tugmani Oval kabinetga qaytarishdek muhim ishni ham bir chekkaga surib, Ukrainadagi urushni to‘xtatishini aytgandi. Ammo Tramp prezidentlikka qaytganiga 4 oy bo‘ldi. Oval kabinetga kola chaqiradigan tugma qaytdi, lekin urush hali tugagani yo‘q. Buyuk strategligini aytayotgan Donald Jon Tramp aylanib, o‘rgilib urushni tugatish uchun Qrim Rossiyaniki ekanini tan olish kerak deb o‘tiribdi.
Tramp ma’muriyati urush bir kunda tugamagach o‘zlarini oqlash uchun eng oson yo‘lga o‘tishdi-da, Jo Bayden boshlanishiga yo‘l qo‘yib bergan urushni bir kunda tugatib bo‘lmaydi, deyishdi. Vaholanki, Trampdan boshqa hamma shundog‘am urushni bir kunda tugatib bo‘lmaydi deyotgandi.
Keyin yangi muddatlar paydo bo‘ldi. Xususan, Tramp prezidentligining dastlabki 100 kunida urushni tugatarkan degan gaplar chiqdi. Ammo yuz kunlik yubiley ham o‘tdi, urush hamon davom etmoqda. Keyin o‘tgan hafta janob Tramp yetar endi, toqati toq bo‘ldi, hafta oxirigacha Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha aniq javob bermasa, biz oradan chiqamiz, deb Putinga uch kun muhlat berdi. Bu muhlat ham o‘tib ketdi, urush tugagani yo‘q. Ruslar va ukrainlar zax okoplarda mantiqsiz urush sabab o‘lishda davom etmoqda.
«Rossiya bilan kelishdik»
Shu kunlarda Tramp AQSh urushni tugatish bo‘yicha Rossiya bilan kelishuvga erishganini aytdi: «Rossiya bilan kelishdik deb o‘ylayman. Endi Zelenskiy bilan kelishish kerak. U bilan kelishish oson bo‘ladi deb o‘ylagandim, bunday bo‘lmayapti, lekin bu tabiiy hol. Ikki tomon bilan ham kelishuvimiz bor deb o‘ylayman», dedi Tramp jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida.
So‘zi davomida Tramp Putin va Zelenskiyni kuchli odamlar deb atadi. «Menimcha, Londondagi uchrashuvlar yaxshi o‘tdi. Endi ikki odam, ikki kuchli odam kelishishi kerak. Shunda odam o‘ldirish tugaydi», dedi Tramp.
AQSh prezidentining aytishicha, may oyida Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifidan keyin Putin bilan uchrashishi mumkin ekan.
Qrim yana kun tartibida
Rossiya 2014 yildagi taloto‘p vaqtida Ukrainaga tegishli Qrimni anneksiya qilib olgandi. Oxirgi kunlarda bu masala yana kun tartibiga chiqdi. Avvaliga Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff Putin bilan uchrashganidan keyin urushni tugatishning shartlaridan biri Ukraina 4 hududini Rossiyaga topshirishi va Qrim Rossiyaniki deb tan olishi ekanini aytgandi.
Tunov kuni Londonda o‘tkazilgan muzokaralarda Amerika tomoni urushni tugatish bo‘yicha shartlarini ukrainlarga taqdim etgan. Unda ham Ukraina Qrimni Rossiyaniki deb tan olishi kerakligi aytilgan. Biroq hali uchrashuv o‘tkazilishidan avval Zelenskiy Ukraina hech qachon Qrimni Rossiyaniki deb tan olmasligini aytdi. Bu gapdan keyin AQSh davlat kotibi Marko Rubio, shuningdek, Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Londonga bormaydigan bo‘ldi.
Tramp Zelenskiyni bu pozitsiyasi uchun tanqid qildi: «Kelishuvga yaqinmiz. Qo‘lida kartasi yo‘q odam nihoyat qaror qabul qilishi kerak. U tinchlikka erishadi yoki davlatini to‘liq boy berishdan avval yana uch yil jang qiladi», deb yozdi Tramp. AQSh prezidenti bu gapi bilan amalda Zelenskiy Qrimni Rossiyaniki deb tan olishi kerak, demoqchi bo‘ldi.
Ana shunaqa gaplar. Zamonamizning buyuk strategi urushni bir kunda tugataman deganda hech kimning xayoliga kelmagan siyosiy tryukni amalga oshirishni emas, bir davlatning yerini kuch bilan boshqasiga olib berishni nazarda tutgan bo‘lib chiqyapti. Bu esa yaxshilikka emas. Unutmang, Ikkinchi jahon urushi xuddi shunday kelishuvdan keyin boshlangan.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

23:25 / 24.04.2025
Tramp millionerlar uchun soliqlarni oshirishdan bosh tortdi

21:23 / 24.04.2025
Zelenskiy Trampga Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha yangi takliflar yuborilganini ma’lum qildi

18:50 / 24.04.2025
«Vladimir, to‘xta!» - Tramp Rossiyaning Kiyevga zarbasi haqida

09:50 / 24.04.2025