O‘zbekiston | 21:20 / 28.04.2025
5586
3 daqiqa o‘qiladi

“Agar emas, qachonki...” - Lixachev O‘zbekistonda katta AES qurilishi haqida

O‘zbekiston rahbariyati agar emas, qachonki katta AES mavzusiga qaytsa, Rossiya nafaqat texnik, balki moliyaviy va tashkiliy masalalar bo‘yicha ham tayyor takliflarni taqdim etadi, dedi Toshkentga kelgan “Rosatom” direktori Aleksey Lixachev. U davlat rahbarining qabulida bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni Toshkentda Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev bilan uchrashdi.

Davlat rahbarining matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda yadro texnologiyalarini qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda qo‘llash, Toshkent shahridagi “MIFI” filiali negizida kadrlar tayyorlash kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.

Bu muloqot poytaxtda bo‘lib o‘tayotgan “Innoprom” sanoat ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida TASS muxbiri bilan gaplashgan Aleksey Lixachev Toshkent va Moskva kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha barcha yuridik masalalarni hal qilib olganini aytdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Loyihani boshlash uchun barcha yuridik masalalar hal etilgan. Oldinda bizni odatiy kun tartibi kutmoqda: loyihani aniqlashtirish, litsenziyalash va birinchi beton – uni, umid qilamanki, bir yildan keyin yoki undan avvalroq quyamiz”, – dedi “Rosatom” rahbari.

“Agar emas, qachonki O‘zbekiston rahbariyati katta AES mavzusiga qaytsa, bizda nafaqat bo‘lajak obektlarning shakl-u shamoyili bo‘yicha, balki shu yerda, O‘zbekistonda mahalliylashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va katta ko‘lamdagi ishlarni o‘z ichiga oluvchi moliyaviy va tashkiliy masalalarda ham tayyor takliflarimiz bo‘ladi”, – dedi Lixachev.

Kam quvvatli AES qurilishi xalqaro hamkorlik shaklida amalga oshiriladi, “lekin tushunarliki, yadroviy texnologiyalar, reaktor oroli Rossiyaniki bo‘ladi”, deya aniqlik kiritdi u.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy Lixachevning birinchi o‘rinbosari, “Atomstroyeksport” prezidenti Andrey Petrovning O‘zbekistonga tashrifi vaqtida ham yirik quvvatli AES masalasi ko‘tarilgan edi. U “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev bilan yirik AES qurish uchun joy tanlash va loyihani texnik-iqtisodiy asoslash masalalarini muhokama qilgan.

Shundan keyin Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tgan yig‘ilishlardan birida kichik AES masalasidan tashqari, katta quvvatli AES qurishning texnik-iqtisodiy jihatlari va uni barpo etish rejalari ham ko‘rib chiqilgandi.

  • 15 aprel kuni Jizzaxda kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi uchun birinchi ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. O‘tgan hafta “O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayev Xitoyda bo‘lib, bu mamlakat kompaniyalarini Jizzaxdagi AES loyihasiga sarmoya kiritishga chaqirdi.

Mavzuga oid