O‘zbekiston | 13:39
891
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2030 yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirish rejalashtirilmoqda

Senat yalpi majlisida issiqxona gazlarining chiqarilishi bilan bog‘liq jarayonlarni tartibga solish nazarda tutilgan qonun muhokama qilindi. Mazkur qonun Parij bitimiga asosan issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha olingan majburiyatlar O‘zbekiston tomonidan bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Foto: Kun.uz

Senatning oltinchi yalpi majlisida “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar mavjudligi hamda qonunning ayrim normalari takomilga yetkazishni taqozo etgani bois Senatning 2025 yil 25 yanvardagi tegishli qarori bilan rad etilgandi. Qonun Oliy Majlis palatalari tuzgan kelishuv komissiyasi tomonidan takomiliga yetkazilib, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi hamda Senatga qayta kiritildi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda iqlim o‘zgarishining oldini olish, uning salbiy ta’sirlarini kamaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq bugungi kunda issiqxona gazlari chiqarilishini tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmagani respublikada issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini cheklamoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini ta’minlashga e’tibor qaratilgan. Unda issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, uning monitoringi, hisoboti va verifikatsiya tizimi asoslari, tartibi, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik qilish huquqlari belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, mamlakatda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlarni qat’iy olib borgan holda 2030 yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirish, “yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshirish maqsad qilib olingan.

Senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi Parij bitimiga asosan issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha olingan majburiyatlar O‘zbekiston tomonidan bajarilishini ta’minlashga, atrof muhit va ekologiyani yaxshilash hamda mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid