Jahon | 17:12
1881
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Rossiya tomonida turib jang qilishga yuborilgan qariyb 600 nafar KXDR harbiysi halok bo‘ldi

Olti oy davomida jang qilish natijasida KXDR harbiylarining jangovar tayyorgarligi sezilarli darajada oshgan, xususan, ular yangi qurollardan foydalanishni o‘zlashtirgan.

Foto: mil.ru

Rossiya—Ukraina urushida 600 ga yaqin Shimoliy Koreya harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, yana taxminan 4 ming nafar KXDR askari yaralandi. Bu haqda Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmatiga tayanib Reuters xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan KXDR asrkarlari Kursk oblastida krematsiya qilingan.

Janubiy Koreya razvedkasining qayd etishicha, Rossiya tomonida turib olti oy davomida jang qilish natijasida KXDR harbiylarining jangovar tayyorgarligi sezilarli darajada oshgan, xususan, ular yangi qurollardan, jumladan, dronlardan foydalanishni o‘zlashtirgan.

Janubiy Koreya hukumati ma’lumotlarida keltirilishicha, KXDR urushga umumiy hisobda 15 mingga yaqin harbiy xizmatchisini yuborgan.

Shimoliy Koreya harbiylari 2024 yil kuzdan beri Rossiyada. Ular Kursk oblasti janglarida ishtirok etmoqda. RF va KXDR hukumatlari uzoq vaqt davomida Rossiyada Shimoliy Koreya kontingenti mavjudligini rasman tasdiqlamay keldi. Aprel oxirlarida KXDR o‘z qo‘shinlarini RFga Kim Chen Inning buyrug‘i bilan ikki tomonlama strategik sheriklik shartnomasi asosida yuborganini e’lon qildi. O‘z navbatida Vladimir Putin Kim Chen Inga KXDRning Kursk oblasti janglaridagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid