APEX INSURANCE va APEX LIFE INSURANCE– FAIR energetika sug‘urtasi va xavflarni boshqarish bo‘yicha xalqaro Forumi tashkilotchilari
APEX INSURANCE va APEX LIFE INSURANCE kompaniyalari 2025 yilning 5-6 may kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan FAIR Energy Insurance and Risk Management Forum tashkilotchilari va asosiy homiylari sifatida qatnashadi.

Foto: Apex Insurance
Mazkur forum 20 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ziyod yetakchi sug‘urta, qayta sug‘urtalash va brokerlik kompaniyalari vakillarini bir joyga to‘playdi. 50 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning ishtirok etishi, tadbirning yuqori nufuzini va olamshumul ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
Forumning maqsadi — energetika sohasidagi murakkab va katta mablag‘ talab etadigan tavakkalchiliklarni sug‘urtalashga oid samarali yondashuvlarni ilgari surish, tajriba almashish hamda mazmunli muloqot uchun platforma yaratishdan iborat. Forum energetikadagi sug‘urta amaliyotining asosiy jihatlariga bag‘ishlangan plenar majlislar, panel muhokamalar, sohaviy sharhlar va ekspert sessiyalari formatida o‘tkaziladi.
O‘z ishtirokini tasdiqlaganlar qatorida Al Ain Ahlia (BAA), Samsung Reinsurance (Koreya Respublikasi), Misr Insurance (Misr), Active Re (Barbados), BMI (AQSh), Trust Re (Bahrayn), Milli Re (Turkiya), Acwa Power (Saudiya Arabistoni) kabi kompaniyalarning top menejerlari, shuningdek, AON, Marsh, Howden va boshqa yetakchi brokerlik kompaniyalari vakillari mavjud. Bunday yuqori darajadagi ishtirokchilar tarkibi, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish va energetika sohasi uchun barqaror sug‘urta yechimlarini birgalikda izlashga yordam beradigan noyob ekspertlik muhitini yaratadi.
"Energetika sektori global iqtisodiy rivojlanishning tayanch ustuni bo‘lib qolmoqda, biroq ayni paytda iqlim ofatlaridan tortib narxlarning beqarorligiga va texnogen xavflargacha bo‘lgan ko‘plab jiddiy tavakkalchiliklarga duch kelmoqda. Bunday sharoitda sug‘urta — sohaning barqarorligi va uzoq muddatli moliyaviy himoyasining poydevori sifatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda" — deya ta’kidladi FAIR prezidenti Xolid Al-Badiy.
"Toshkentda bo‘lib o‘tadigan mazkur Forum qayta sug‘urtalash sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Bunday nufuzli tadbirning tashkilotchisi va strategik hamkori sifatida qatnashish, biz uchun ulkan sharaf. APEX INSURANCE va APEX LIFE INSURANCE ishtirokidan ko‘zlangan maqsad — sug‘urta sohasini yanada rivojlantirish, ochiq muloqotni qo‘llab-quvvatlash, amaliy yechimlarni taklif etish, innovatsiyalarni qo‘llash va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlikka intilishimizni namoyon etishdir" deya ta’kidladi APEX INSURANCE Kuzatuv kengashi a’zosi Umid Holiqov.
“Forum O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalari uchun xalqaro darajaga chiqish, eng yaxshi tajribalardan foydalanish va global bozorning yetakchi ishtirokchilari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda muhim platforma hisoblanadi. Bunday tashabbuslar mutaxassislar salohiyatini oshirishga, shuningdek, sug‘urta bozorimizni xalqaro qayta sug‘urtalash hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashadi” — deb ta’kidladi O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi Raisi Oybek Xalilov.
FAIR Energy Insurance and Risk Management Forum O‘zbekistonda sug‘urta sohasida o‘tkaziladigan bunday ko‘lamdagi birinchi xalqaro tadbir hisoblanadi. Ushbu Forumning yurtimizda tashkil etilishi, nafaqat mintaqaning jahon sug‘urta bozorida ortib borayotgan muhim o‘rnini, balki tadbir tashabbuskorlari va hamkorlari bo‘lgan sug‘urta bozorining yetakchilari — APEX INSURANCE va APEX LIFE INSURANCE kompaniyalarining faol pozitsiyasining ham yorqin dalilidir.
FAIR haqida: Federation of Afro-Asian Insurers and Reinsurers (FAIR) — Osiyo va Afrika mamlakatlarining sug‘urtalovchilari va qayta sug‘urtalovchilarini birlashtiruvchi xalqaro nohukumat tashkilotidir. 1964 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 50 dan ortiq davlatdan 250 dan ziyod kompaniyani o‘z ichiga oladi. FAIR’ning asosiy vazifasi, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va sug‘urta bozorlarini kengaytirishga ko‘maklashishdan iborat.
Reklama huquqi asosida